Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.06.2018 09:53 Chop etish versiyasi

Shifokor xatosi endi ekspert guruhlar tomonidan o‘rganiladi

Shifokor xatosi endi ekspert guruhlar tomonidan o‘rganiladi
Bemorlarni davolashdagi vrachlar xatosi bundan keyin ekspert guruhlar tomonidan o‘rganiladi.

“Tibbiyot tashkilotlari vrachlarining kasbiy faoliyatini o‘rganish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.

Qaror bilan tasdiqlangan nizom:

• tibbiyot tashkilotlari vrachlarining kasbiy faoliyatini o‘rganish, tahlil qilish;

• davolash-diagnostika standartlariga rioya etilishini nazorat qilish, davolash jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni aniqlash, ularni oldini olish;

• vrachlar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kamchiliklarni oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish;

• xatoga yo‘l qo‘ygan vrachlarga nisbatan intizomiy ta’sir choralarini qo‘llash tartibini belgilaydi.

Nizomga muvofiq har bir tibbiyot tashkilotida vrachlarning kasbiy faoliyatini o‘rganish bo‘yicha ekspert guruhi tashkil etiladi.

Qoida tariqasida, ekspert guruhi tarkibiga tibbiyot tashkilotida ko‘rsatiladigan ixtisoslik yo‘nalishlaridan bittadan vrach kiritiladi.

Nodavlat tibbiyot tashkilotlarida Ekspert guruhi a’zoligiga boshqa tibbiyot muassasalarining tegishli tibbiy ixtisosliklar bo‘yicha malakali mutaxassislari jalb etilishi mumkin.

Ekspert guruhining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

• tibbiyot tashkiloti vrachlarining kasbiy faoliyatini o‘rganish;

• tizimli kasbiy xatolar sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.

Endilikda, vrachning kasbiy faoliyati bo‘yicha tushgan shikoyatlar Ekspert guruhi tomonidan o‘rganib chiqiladi.

O‘rganish natijasida vrachning xatosi aniqlanganda quyidagi obyektiv va subyektiv sabablar tahlil qilinadi:

• obyektiv sabablar – muassasaning moddiy-texnika bazasi quvvatining yetishmasligi, dorilarning yo‘qligi, hayotga xavf tug‘diruvchi holatlar paytida shoshilinch operatsiyalar o‘tkazilishi oqibatida bemorning ahvoli og‘irlashishi va boshqa o‘xshash holatlar;

• subyektiv sabablar – vrach bilim saviyasining yetishmasligi oqibatida bemorning holatini to‘g‘ri baholay olmaslik, davolash-diagnostika standartlariga rioya qilmaslik, vrach tomonidan noto‘g‘ri taktika qo‘llanganlik, tajriba yetishmasligi va boshqa shu kabi holatlar.

Subyektiv sabablarga ko‘ra bemorning sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazilgan yoki o‘lim holati yuzaga kelgan bo‘lsa, bunda vrachning kasbiy faoliyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘rganib chiqiladi.

Vrach faoliyatini o‘rganish bo‘yicha xulosa shakllantiriladi.

Tibbiyot tashkiloti rahbari uch ish kunida Eksperti guruhi xulosasi asosida xatoga yo‘l qo‘ygan shifokorga tegishli ta’sir choralarini qo‘llaydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining Nazorat inspeksiyasi Ekspert guruhlari xulosalarini to‘plash va ular yuzasidan ko‘rilgan choralarni umumlashtirish, kasbiy xatoga yo‘l qo‘ygan vrachlar haqida ma’lumotlarni yuritishga mas’ul hisoblanadi.

O'zA
1 373