O‘zA O`zbek

07.12.2017 13:26 Chop etish versiyasi

Shayxontohur tumanida «O‘rda» hunarmandlar markazi foydalanishga topshirildi

Shayxontohur tumanida «O‘rda» hunarmandlar markazi foydalanishga topshirildi Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi xalq ustalari, hunarmandlari va musavvirlari “Hunarmand” uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi va boshqa muassasalarning mutasaddi vakillari, hunarmandlar, san’atkorlar, o‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirok etdi.

Uyushma raisi vazifasini bajaruvchi A.Hakimov va boshqalar davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 17-noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi milliy hunarmandlik, xalq badiiy va amaliy san’ati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarning ijodiy izlanishi hamda ulkan muvaffaqiyatlarga erishishida muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.



Qadimiy o‘zbek milliy me’morlik an’analari asosida qurilib, jihozlangan markazda hunarmandlar milliy hunarmandligimizning ipak gilam va milliy matolar to‘qish, kashtado‘zlik, kulollik, milliy liboslar tikish va rangtasvir yo‘nalishlari bilan shug‘ullanadi. Bu yerda mahorat darslarini o‘tkazish, o‘zbek milliy shirinliklari va taomlarini tayyorlash jarayonlarini namoyish etish uchun ham sharoit yaratilgan. Mazkur markaz iste’dodli kashtado‘z Nilufar Tursunova tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi xalq ustalari, hunarmandlari va musavvirlari “Hunarmand” uyushmasi hamkorligida ishga tushirildi.



– Prezidentimiz farmoniga muvofiq, 2018-2019-yillarda mamlakatimizning 23 shahar va tumanida shu kabi hunarmandlikni rivojlantirish markazlarini yaratish nazarda tutilgan, – deydi hunarmand Nilufar Tursunova. – Markazimiz ana shunday ulug‘ ishlarning ilk debochasidir. Maqsadimiz milliy hunarmandlik mahsulotlari soni va sifatini orttirib, qadimiy an’analarimizni davom ettirish hamda turizm rivojiga munosib hissa qo‘shishdir.



Yangi tashkil etilayotgan bunday markazlar hunarmandlikni rivojlantirish, xalq hunarmandligi va amaliy san’atining an’anaviyligini ta’minlash, targ‘ib qilish va ommalashtirish, “Usta-shogird” maktablarini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Nasiba Ziyodullayeva, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA
15 157