O‘zA O`zbek

12.05.2019 00:42 Chop etish versiyasi

“Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” masjidiga imom-xatib tayinlandi

“Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” masjidiga imom-xatib tayinlandi

Xabaringiz bor, kuni kecha Toshkent shahrida nafaqat yurtimiz, balki islom olamida mashhur boʻlgan, ulugʻ alloma Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohmatullohi alayh nomlaridagi muhtasham jome masjidning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Muhtaram Yurtboshimiz tashabbuslari bilan bunyod etilgan ushbu muazzam majmua Ramazon oyida xalqimizga katta tuhfa boʻldi.

Bugun ushbu jome masjidga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining oʻgʻillari, boshlagan xayrli ishlarining davomchisi, bir necha islomiy tashkilotlarning aʼzosi va moʻmin-musulmonlarga juda katta xizmat qilayotgan “Hilol nashr” majmuasi rahbari Ismoil Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf imom-xatib etib tayinlandi. Shuningdek, Shayx hazratlarining suyukli shogirdlari, hofizi Kalomulloh Bahodir qori Rahmatullev esa mazkur masjid imom noibi vazifasiga tayinlandi. 

Shu oʻrnida aytish kerakki, Ismoil Muhammad Sodiq kuchli ilmiy salohiyat, hayotiy tajriba va noyob isteʼdod sohibi hisoblanadi. 1976 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. 1994 yil “Islomiy daʼvat kulliyasi”ga oʻqishga kirdi. Toʻrt yil bakalavr bosqichida, soʻng ikki yil magistraturada oʻqib, 2001 yili ushbu kulliyani tamomladi. Shundan soʻng, elchixonalarda, diniy taʼlim muassasalarida, nashr ishlarida, sayt xizmatlarida va taʼlim markazlarida faoliyat olib bordi. 

Hozirda Ismoil Muhammad Sodiq “Hilol nashr” matbaa nashriyoti rahbari hisoblanadi. 

Bugun 11 may kuni ushbu masjidda taroveh namozi ado etilib, xatmi Qurʼon boshlanadi. Taroveh namozida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, ulamolar, marhum va magʻfur Shayx hazratlarining yaqinlari, shogirdlari ishtirok etishi kutilmoqda.

Alloh taboraka va taolo Ismoil Muhammad Sodiqni ulugʻ Ustozning vorisi sifatida otasining ishlarini davom ettirib borishini nasib etsin va yangi sharafli martabani Haq taolo muborak aylasin.

Xatmi Qurʼonga marhabo!

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zA
3 807