O‘zA O`zbek

12.07.2019 18:06 Chop etish versiyasi

“Sharq yulduzi” va “Guliston” jurnallarining yangi sonlari chop etildi

“Sharq yulduzi” va “Guliston” jurnallarining yangi sonlari chop etildi

Guliston jurnalining joriy yildagi 3-soni ilk sahifasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yoʻllagan bayram tabrigi oʻrin olgan. 

Jurnalist Vohid Luqmonning Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov bilan “Aholi salomatligi – jamiyatimizning bebaho boyligi” mavzusida suhbati chop etildi. 

Jurnalning “Xotira — aziz, kadr – muqaddas“ ruknida taniqli ijodkorlar va sanʼatkorlar ijodidan namunalar, xususan, Z.Muhammadjonov, O.Sharafiddinov, T.Qayipberganov, I.Yusupov tavalludlarining 90 yilligi munosabati bilan bir qator maqolalar eʼlon qilingan.

Shermurod Subhonovning “Asosiy maqsadimiz – odamlar roziligiga erishish”, Manzura Shamsiyevaning “Bola qalbi bilan yashash zavqi”, Oydin Nisoning “Butun Olam soʻzdan iborat” nomli maqolalarida jamiyatimizning yetuk shaxslari bilan yozib olingan intervyular havola etilgan. 

“Bir surat tarixi“ rukni ostida berilgan “Qardoshlik ifodasi” maqolasida 1979-yilda Ozarbayjonda oʻtkazilgan Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati oʻn kunligi tantanalarida ikki xalq adabiyot vakillarining tasvirlarga muhrlangan fotosurati tarixi bayon etilgan. 

Shuningdek, Toshqul Beknazarning “Baxt-saodat–mehnatda”, Beknazar Doʻstmurodovning “Maqom – oʻzligimiz koʻzgusi”, Laʼlixon Muhammadjonovaning “Tomoshabin odobi qay darajada shakllangan”, Xurshid Qodirovning “Koreys madaniyati va sanʼati uyi – doʻstlik saroyi”, Mohigul Qosimovaning “Mehri daryolar” maqolalari oʻrin olgan. 

* * *

Sharq Yulduzi jurnalining joriy yildagi 4-sonida Mamatqul Hazratqulov, “Oltmish yillik komandirovka” nomli hikoyasi, “Nazm“ rukni ostida Omon Matjonning sheʼriy namunalari, Iqbol Mirzoning “Iltimos”, “Dovon” hikoyasi, Ikrom Otamurodning “Ishora” dostoni oʻquvchilar mutolaasiga havola etilgan. 

Shuningdek, jurnaldan yozuvchi Soyim Isʼhoqning “Ona yoʻlbars hamlasi ” qissasining soʻnggi qismi taqdim etilgan.
“Mushoira“ rukni ostida Nodira Rashidova, Zamir Murod, Muhayyo Mirsaidova, Boboqand Mirzo, Shahzoda Hakimova, Begoyi Ayjon qalamiga mansub sheʼriy namunalar sheʼriyat ixlosmandlari uchun havola etildi.

Jurnalning “Mutolaa“ rukni ostida chop etilgan Shahlo Hamroyevaning “Adabiyot koʻprigi” maqolasi, Rasul Hamzatovning sheʼrlari ijod ixlosmandlariga manzur boʻladi.

OʻzA
469