Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.11.2017 12:18 Chop etish versiyasi

Sharof Rashidov – davlat va jamoat arbobi

Toshkent islom universitetida atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan “Sharof Rashidov – davlat va jamoat arbobi” mavzuida ilmiy-ma’rifiy anjuman o‘tkazildi.

Anjuman Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 27-martdagi “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti, FA huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, "Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi kabi davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Toshkent islom universiteti rektori, professor R.Abdullayev va boshqalar Sharof Rashidovning respublikamizni juda murakkab va og‘ir yillarda boshqarishdagi beqiyos salohiyati, yurt taraqqiyoti va xalq farovonligi yo‘lida fidokorona mehnati, milliy adabiyotimiz rivojidagi yorqin ijodiy faoliyati haqida so‘z yuritdi.

Sharof Rashidov qishloq xo‘jaligining yuksak marralarga ko‘tarilishi, cho‘l hududlarining o‘zlashtirilishi, magistral yo‘llar, Toshkent metrosining qurilishi, zilziladan katta talafot ko‘rgan poytaxtning qayta tiklanishida o‘zining munosib hissasini qo‘shgan davlat arbobi sifatida avlodlar xotirasida mangu yashaydi. Uning yozuvchi sifatida qoldirgan adabiy merosi yosh avlodni vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega.

– Bugungi tadbirda yurtimizning sodiq farzandi Sharof Rashidov hayoti va faoliyati haqida ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldik, – deydi Toshkent islom universiteti talabasi Antonina Zaripova. – Ulug‘ davlat arbobi va yozuvchining hayoti va faoliyati biz, yoshlar uchun har tomonlama o‘rnakdir.

Tadbirda Sharof Rashidov xotirasiga bag‘ishlangan film namoyish etildi, kitoblar taqdimoti o‘tkazildi. “Sharof Rashidov – davlat va jamoat arbobi” mavzuida esselar va “Sharof Rashidovning ijtimoiy va ijodiy faoliyati” mavzuida slayd-taqdimotlar tanlovlarida g‘olib bo‘lgan talabalar diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Bayram Aytmurodov, O‘zA
4 505