Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.04.2018 16:58 Chop etish versiyasi

Shahrisabzda tumanlararo endokrinologiya bo‘limi ish boshladi

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi tasarrufida 20 o‘ringa mo‘ljallangan tumanlararo endokrinologiya bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Mazkur tibbiyot maskani 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga “Sho‘rtangazkimyo” majmuasi quruvchilari tomonidan qayta rekonstruksiya qilinib, atrofi obodonlashtirildi. Malakali tibbiyot xodimlari bilan ta’minlandi. Asosiysi, bemorlarning tez va samarali davolanishi uchun qulay sharoit yaratildi.

Laboratoriya va fizioterapiya xonalari zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Mazkur shifo maskani endilikda nafaqat Shahrisabz shahri, balki Chiroqchi, Yakkabog‘ va Shahrisabz tumanlari aholisiga ham xizmat ko‘rsatadi.

– Bo‘limning ochilishi hududda endokrinologik kasalliklarning oldini olish va ularni kamaytirish, qolaversa, uzoq tog‘li hududlarda yashovchi aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishga xizmat qiladi, – deydi Qashqadaryo viloyati endokrinologiya dispanseri bosh shifokori Dinora Aliyeva. – Endi mazkur hududlar aholisi ixtisoslashtirilgan yuqori malakali davolash muolajalarini shu yerning o‘zida oladi.

O‘lmas Barotov, O‘zA
3 458