Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.12.2017 20:37 Chop etish versiyasi

Xalq deputatlari viloyat kengashining videoselektor shaklidagi qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi

Termizda Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish respublika komissiyasi hamda Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashining videoselektor shaklidagi qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish respublika komissiyasi a’zolari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, viloyat huquq-tartibot idoralari rahbarlari va mas’ul xodimlari, shahar va tumanlar hokimlari, prokurorlar, ichki ishlar bo‘limi, davlat soliq inspeksiyasi boshliqlari, mahalliy davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi. Shahar va tumanlar studiyalarida shahar, tuman hokimlarining o‘rinbosarlari, prokuratura, ichki ishlar idoralari xodimlari, mahalliy Kengashlar deputatlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, ta’lim, tibbiyot muassasalari rahbarlari, aloqador boshqa tashkilot, korxona va muassasalar vakillari qatnashdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 15-noyabrda mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida tumanlarda tashkil etilgan sektorlar faoliyati tahlil qilinib, bundan buyon har bir sektor rahbari jinoyatchilikning holati uchun shaxsan javob berishi ta’kidlangan edi. Sektor rahbarlarining ushbu masalada mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish respublika komissiyasini tuzish, uning tarkibiga “Mahalla”, “Nuroniy” jamg‘armalari, Yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarlarini ham kiritish va faoliyatini Oliy Majlis Senati tomonidan muvofiqlashtirish vazifasi topshirilgan edi. Mazkur komissiya tomonidan tashkil etilgan Ishchi guruh a’zolari Surxondaryoda bo‘lib, yilning o‘tgan o‘n oyida viloyatda jinoyatlarga qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasida amalga oshirilgan ishlarni atroflicha o‘rgandi.

Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov olib borgan majlisda Ishchi guruhi a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari B.Dehqonovning axboroti va viloyatdagi mavjud holat yuzasidan to‘rtta sektor rahbarlarining hisoboti tinglandi va muhokama etilib, tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Qo‘shma majlisda Prezidentimiz tashabbusi bilan huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish yuzasidan ko‘rilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar xalqimizning osoyishta va farovon hayotini ta’minlash, huquqiy madaniyatini oshirishda yuksak samaralar berayotgani alohida ta’kidlandi.

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, viloyatda jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida ichki ishlar, davlat va nodavlat idoralari tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tufayli umumiy jinoyatlar 21,4 foizga kamaygan. Jinoyat-qidiruv yo‘nalishidagi jinoyatlar 18,4, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar 10,1, bosqinchilik 46,2, qasddan odam o‘ldirish 12, firibgarlik 17,1, o‘g‘irlik 10,5, bezorilik 43,2, qonunga xilof ravishda qurol saqlash 77,8, qasddan badanga o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish 25,6, qasddan badanga yengil tan jarohati yetkazish 29, hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish 12,5 foizga kamaygan. Shuningdek, guruhlar tomonidan jinoyatlar sodir etilishi 37,1, ayollar jinoyati 29,9, voyaga yetmaganlar jinoyati 7,9, mast holatdagi jinoyatlar 21,4, muqaddam sudlanganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 9,7, yoshlar jinoyati 20,9, ishlamaydiganlar jinoyati 24,9 foizga kamayishiga erishilgan.

Biroq sohada qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilib, mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmagan. Jumladan, sodir etilgan har bir jinoyatni qisqa muddatda keng jamoatchilikni jalb etgan holda muhokama qilish, profilaktika inspektorlari tomonidan mahallaga kunlik ma’lumot taqdim etish, boshqa hududdan kelib jinoyat sodir etgan shaxslarning yashash joyiga xabarnoma yuborish, oylik hisobot eshitish amaliyoti tizimli yo‘lga qo‘yilmagan. Oqibatda viloyatdagi mahallalarning 81,4 foizi yoki 584 tasida turli darajadagi jinoyatlar sodir etilgan. Viloyatda umumiy jinoyatlar kamaygan bo‘lsa-da, og‘ir tan jarohati yetkazish, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari, talonchilik, voyaga yetmagan shaxsni jinoyatga jalb etish, nomusga tegish, tovlamachilik hamda transport vositasini olib qochish jinoyatlari soni o‘sgan. Yoki viloyat bo‘yicha voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar kamaygan bir paytda Denovda 7,7, Qumqo‘rg‘onda 50, Angor, Uzun, Sho‘rchi va Qiziriq tumanlarida 200 foiz oshgan. Guruhlar tomonidan jinoyatlar sodir etish Qumqo‘rg‘onda 100, Qiziriq tumanida 200 foiz o‘sgan. Mast holatda jinoyatlar sodir etilishi Denovda 50, Angor, Uzun va Sho‘rchi tumanlarida 100 foiz, muqaddam sudlanganlar tomonidan jinoyatlar sodir etilishi Uzunda 11,8, Muzrabotda 66,7, Boysunda 70, Sho‘rchida 76, Qiziriqda 600 foiz oshgan.

Ishchi guruh a’zolari viloyatda shaxslarni profilaktik hisobga olish, ular bilan ishlash borasida ham jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini aniqlagan. Ilgari sudlanganlardan qonun ta’siriga tushuvchilarning 77 foizi ustidan ma’muriy nazorat o‘rnatilmagan.

Yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha ishlar tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmagani oqibatida noxush hodisalar sodir etilgan.

Sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 242 tasi yoki 21,1 foizi, jinoyat-qidiruv yo‘nalishidagi jinoyatlarning 234 tasi yoki 23,2 foizi fosh etilmagan. Jinoyat-qidiruv yo‘nalishida fosh etilmagan jinoyatlarning 84,6 foizi yoki 198 tasi o‘g‘rilik jinoyatidir.

O‘rganishlar jarayonida ichki ishlar organlari tomonidan mahallalarga kiritilgan taqdimnomalarda jinoyatlar sababi va ularning sodir etilishiga imkon bergan sharoit va omillar aniqlanmagani, taqdimnomalar nomigagina, sifatsiz tayyorlangani, ularni muhokama qilish amaliyoti talabga javob bermasligi aniqlangan.

Jinoyatlarga qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etishda ichki ishlar idoralari hamda boshqa davlat va nodavlat tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Ta’lim tizimida ham jinoyatlarga qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi ishlar talabga javob bermaydi. Voyaga yetmaganlar o‘rtasida Termiz shahri, Oltinsoy, Muzrabot, Sho‘rchi va Uzun tumanlarida o‘z joniga qasd qilish holatlari yuz bergan. Kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarini ta’limga to‘liq qamrab olishda mas’uliyatsizlik va loqaydlikka yo‘l qo‘yilgan. Natijada 897 nafar kollej o‘quvchisi ta’limdan bo‘yin tovlab, ishlash uchun chet davlatlarga chiqib ketgan. Ularning aksariyati Termiz shahri, Jarqo‘rg‘on, Sherobod, Boysun va Muzrabot tumanlariga to‘g‘ri keladi.

Bandlik idoralari va mahallalar o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilmagani oqibatida kam ta’minlangan oilalarning 15 mingdan ortiq mehnatga layoqatli a’zosi bandligi ta’minlanmagan. Uzoq muddatga chiqib ketgan 86 ming 268 nafar shaxsning 47 foizi yashash manziliga qaytib kelmagan. Qaytib kelganlarning 21,8 foizi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmagan, 28,8 foizining bandligi ta’minlanmagan.

Giyohvandlik va surunkali alkogolizmga chalingan shaxslarni davolash, joylarda “Jamoatchilik nazorati” maskanlarini barpo etish ishlari ham talabga javob bermaydi.

Termiz shahri va tumanlarda jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tuzish ishlari ham talab darajasida emas. Shahar va tuman xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi va boshqa tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar samara bermagan. “Oila”, bandlik markazlari, mahalla, profilaktika inspektorining hamkorligi zarur darajada yo‘lga qo‘yilmagani oqibatida ayollar tomonidan jinoyatlar sodir etilishining oldi olinmagan.

Qo‘shma majlisda ko‘rilgan masalalar yuzasidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari O.Murodov, R.Komilov, Q.Quronboyev, Bosh vazir o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva ishtirok etdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
827






Все о погоде - Pogoda.uz