Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.06.2018 16:34 Chop etish versiyasi

Sektorlar faoliyatidan navoiyliklar mamnunmi?

Mamlakatni har tomonlama rivojlantirish, xalq farovonligini yanada yuksaltirish borasida amaliyotga joriy etilgan yangi tizimga muvofiq joylarda tashkil etilgan sektorlar faoliyatidan aholi mamnun.

Buni Navoiy viloyati Uchquduq tumani prokurori rahbarligidagi ikkinchi sektor tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar misolida ham ko‘rish mumkin.

Sektor tumandagi “Ko‘kayaz”, “Bozdun” ovul fuqarolar yig‘ini, “Kokpatas”, “Alisher Navoiy”, “Abay” mahalla fuqarolar yig‘inlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash, turmush darajasini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda.

Hududda 14 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. 2 kasb-hunar kollejida 1 ming 228 nafar, 5 umumta’lim maktabida 2 ming 565 nafar o‘quvchi, 5 maktabgacha ta’lim muassasasida 1 ming 41 nafar tarbiyalanuvchi zamonaviy sharoitlarda ta’lim-tarbiya olmoqda. Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish, salomatligini mustahkamlashga 3 qishloq vrachlik punkti mas’ul.

Xalq bilan muloqot qilishning sifat jihatdan yangi va samarali mexanizmi joriy etilgani hududdagi har bir mahalla va ovul fuqarolar yig‘inida ishlab chiqilayotgan “yo‘l xaritasi”ni tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik tamoyili asosida amalga oshirish imkonini bermoqda.

“Bozdun” ovul fuqarolar yig‘inining Juzquduq ovulida 36 aholi xonadoni va yordamchi xo‘jaliklari fasad qismi ta’mirlandi, 1,5 kilometrlikichki yo‘lga asfalt yotqizildi. Piyoda yo‘laklari barpo etildi. Ko‘chalarga tungi chiroqlar o‘rnatilib, ovul atrofi tozalandi. 350 dan ortiq manzarali daraxt va gul ko‘chatlari o‘tqazildi. Mazkur fuqarolar yig‘iniga qarashli Kuntay ovulida 20 uyning tashqi qismi, 600 metr ichki yo‘l ta’mirdan chiqarildi.

Bozdun, Ko‘kayaz ovullari hududida antennalar o‘rnatilib, olis hududlar aholisiga O‘zbekiston telekanallarini ko‘rish imkoniyati yaratildi, “Uzmobile” telefon aloqa tarmog‘i o‘tkazildi.

Prezidentimizning 2017 yil 25 apreldagi “Navoiy viloyatining olis cho‘l tumanlari aholisi turmush darajasini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori uchquduqliklarni benihoya xursand qildi. Mazkur qaror asosida ovulda bo‘sh turgan 4 turar joy binosi 180 million so‘m evaziga zamonaviy ko‘rinish kasb etdi. Zamonaviy uy-ro‘zg‘or buyumlari bilan jihozlanib, ovulga ixtiyoriy ravishda ko‘chib kelgan mutaxassislar oilalariga tekin berildi.

Sektorga qarashli hududlar aholisi xonadonlarining barchasi suyultirilgan gaz balloni bilan ta’minlangan. O‘rnatilgan qat’iy jadval asosida bo‘shagan gaz ballonlari to‘ldirilganiga almashtirib beriladi.

Shahar markazidagi “Alisher Navoiy” va “Abay” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 4 ko‘cha, 85 ta ko‘p qavatli uy atrofi hamda 42 savdo nuqtasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilayotir. Maxsus tayyorlangan maydonlarga gul ko‘chatlari ekilmoqda, ko‘p qavatli uylarning 320 kirish yo‘lagi va 49 chordoq qayta ta’mirdan chiqarildi. 22 ta ko‘p qavatli uyning tashqi qismida pardozlash ishlari olib borilib, 18 uyning yerto‘lasi ta’mirlandi.

Bundan tashqari, 18 ko‘p qavatli uyning isitish tizimi issiqlik saqlovchi qoplama bilan o‘raldi, yangi polietilen quvurga almashtirildi. 4 uyning tom qismida kapital ta’mirlash ishlari bajarildi.

Darhaqiqat, atrof-muhit tozaligini ta’minlash, uni asrash va oqilona foydalanish bugungi kunning muhim masalalaridan biridir. Xususan, ikkinchi sektor mutasaddilari tomonidan ham hududlardagi chiqindi yig‘ish maydonchalari atrofini o‘rash, yopish ishlariga dolzarb masala sifatida qaralmoqda. Mavjud 39 chiqindi tashlanadigan maydonchadan 27 tasining atrofi devor bilan o‘ralib, tozalik-sanitariya talablariga moslashtirildi. Joriy yilda 25 namunaviy loyiha asosida maxsus chiqindi yig‘ish maydonchasi qurish rejalashtirilgan bo‘lib, 6 tasida qurilish ishlari poyoniga yetkazilmoqda.

Hududda aholini ish bilan ta’minlash ham doimiy e’tiborda. Masalan, joriy yilning o‘tgan davrida 100 ga yaqin fuqaro ish bilan ta’minlandi. Ularning 24 nafari fuqarolar yig‘inlari qoshidagi jamoatchilik ishlariga jalb qilingan bo‘lsa, qolganlari egallagan mutaxassisligi bo‘yicha muqim ish o‘rniga ega bo‘ldi.

– Mutaxassisligim bo‘yicha tarbiyachiman, – deydi Ko‘kayaz ovulida yashovchi Z.Namozova. – Tuman prokurori bilan muloqot chog‘ida ish izlayotganimni aytgan edim. Shu yerning o‘zida hudud sektori rahbari ko‘magida maktabgacha ta’lim muassasasiga ishga joylashishga muvaffaq bo‘ldim. Ovulda o‘z mutaxassisligim bo‘yicha mehnat qilish uchun yetarli sharoit yaratib berilganidan mamnunman.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
2 966