Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.09.2017 17:37 Chop etish versiyasi

Sayyor qabulda 95 fuqaroning murojaati tinglandi

Mamlakatimizda xalq bilan muloqotning ta’sirchan va samarali usuli yo‘lga qo‘yilgani inson manfaatlarini ta’minlash, fuqarolar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining huquq va erkinliklarini himoya qilishda yuksak samaralar berayotir. Ayniqsa, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar vakillari ishtirokida joylarda tashkil etilayotgan sayyor qabullarda odamlarni qiynayotgan muammolar hal etilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari mas’ul xodimlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulda ham bu yaqqol namoyon bo‘ldi.

Prezidentimizning 2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan qabulda To‘rtko‘l, Beruniy va Ellikqal’a tumanlaridan fuqarolar ishtirok etdi.

Sayyor qabulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur tumanlardagi Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar tinglandi. Murojaatlar asosan sog‘liqni saqlash, sud, prokuratura, ichki ishlar idoralari faoliyatiga oid bo‘lib, aksariyati shu yerning o‘zida hal etildi.

– Bolalikdan nogiron o‘g‘lim Yangiboy uchun aravacha olish maqsadida turli idoralarga bosh suqdim, lekin natija bo‘lmayotgan edi, – deydi To‘rtko‘l tumani “O‘zbekiston” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi Qutlibika Jabborbergenova. – Prezidentimizning Xalq qabulxonasiga murojaat qilgan edik, mana bugun shu yerning o‘zida nogironlar aravachasi oldik. Buning uchun davlatimizdan minnatdormiz.

Turmush o‘rtog‘i 3-yil avval nogiron bo‘lib qolgach, farzandlar tarbiyasi va ro‘zg‘or tashvishlarini yolg‘iz o‘zi amallab kelayotgan Qizilgul Do‘simbetova Ellikqal’a tumani “Aqchako‘l” ovul fuqarolar yig‘ini hududida yashaydi. Uning moddiy yordam so‘rab qilgan murojaati ijobiy yechim topdi, unga sog‘in sigir sovg‘a qilindi.

– Farzandlarimning sog‘lom unib-o‘sishi uchun dasturxonimizda har kuni sut-qatiq bo‘ladigan bo‘ldi, – deydi Qizilgul opa xursandligini yashirolmay. – Bunday g‘amxo‘rliklar uchun saxovatpesha insonlarga minnatdorlik bildiramiz.

Sayyor qabulda 95 fuqaroning murojaati tinglanib, ularning aksariyati shu yerning o‘zida hal etildi.

Aminboy Ortiqboyev, O‘zA
1 471






Все о погоде - Pogoda.uz