Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.09.2017 17:58 Chop etish versiyasi

Sayyor qabul: yechimi yo‘q muammo bo‘lmaydi

Jizzax viloyatining Zarbdor tumanidagi Adirobod mahallasida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda aholi tomonidan bildirilgan barcha murojaat ijobiy hal etildi.

Viloyat hokimligi va O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tumanning chekka hududi hisoblangan ushbu qishloqda qator muammolar to‘planib qolgani ma’lum bo‘ldi. Tumandagi davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari ishtirok etgan muloqot davomida murojaatlarning aksariyati joyida hal etildi.

Adirobod mahallasidan tuman markazi va Jizzax shahri yo‘nalishlarida jamoat transporti qatnovi yo‘lga qo‘yilmagani haqidagi murojaat bo‘yicha tuman ichki ishlar bo‘limi va tuman davlat soliq inspeksiyasi xodimlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

– Mahallamizga ichimlik suvi keltirish loyihalashtirilganidan xabarimiz bor, – deydi mehnat faxriysi Ashur Nuraliyev. – Biroq bu loyiha amalga oshirilguncha ham aholiga suv kerak. Ayni paytda mahalliy "tadbirkorlar” maxsus avtomashinalarda suv keltirib sotmoqda. Ammo ichimlik suvi yetkazib berish bo‘yicha me’yoriy narx belgilanmagan. Bu ishda tegishli tartib o‘rnatish zarur.

Bu murojaatni hal etish yuzasidan bir necha mutasaddi tashkilotlar rahbarlarining javobi, axboroti eshitildi. Tuman xokimi va “Suvoqova” idorasi rahbariga mahallaga ichimlik suvi keltirishni tezlashtirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi. Ko‘zda tutilgan loyiha amalga oshirilgunga qadar aholi uchun ichimlik suvi o‘z vaqtida, arzonlashtirilgan narxlarda yetkazib beriladigan bo‘ldi.

Xuddi shunday muammolar iste’molchilarni tabiiy gaz bilan ta’minlashda ham mavjud. Ochiq muloqotda suyultirilgan gazga birinchi marta a’zolik to‘lovi qilish, iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq muammoli masalalar shu yerning o‘zida tegishli tashkilot rahbarlari va mutasaddilar ishtirokida ijobiy hal etildi.

– Sayyor qabul davomida ko‘tarilgan 20 ga yaqin muammo o‘z yechimini topdi, – deydi "Adirobod” mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ul kotibi Qahramon To‘laboyev. – Bu tadbir agar aholiga xizmat ko‘rsatishga mas’ul bo‘lgan tashkilotlar xodimlari xalq orasiga chiqib, ularning murojaatlarini tinglasa, hal bo‘lmaydigan muammo qolmasligini ko‘rsatdi. Mahallamiz ahli davlatimiz tomonidan xalq dardini tinglab, muammosini joyida hal etadigan bunday samarali tizim yo‘lga qo‘yilganidan behad mamnun.

Qabulda ko‘tarilgan muammolar bir kunda yuzaga kelgan emas, albatta. Muammolarning yillar davomida to‘planib qolishi zamirida tegishli tashkilot yo korxonalar rahbarlari, hududdan mahalliy Kengashlarga saylagan deputatlarning e’tiborsizligi ham yotibdi. Shuni hisobga olib, viloyat hokimligi tashkilotlar rahbarlariga faqat murojaatlarda ko‘tarilgan masalani emas, balki hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalqning turmush darajasini oshirishga amaliy yordam ko‘rsatishga doimiy e’tibor qaratish lozimligini uqtirdi.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
2 254






Все о погоде - Pogoda.uz