Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.09.2017 18:56 Chop etish versiyasi

Sayyor qabul: muammo, yechim va samara

Surxondaryo viloyatida joriy yilning 11-13-sentabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati mas’ul xodimlari, turli vazirlik, muassasa va idoralar, mahalliy hokimlik, davlat va jamoat tashkilotlarining rahbarlari​ ishtirokida sayyor qabullar o‘tkazildi.

Surxondaryo viloyatidan ​shu yilning o‘tgan davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga yuborilgan murojaatlarning 14 ming 930 tasi viloyatda o‘z yechimini topgan. Hal etilishi vaqt talab etadigan 527 murojaat o‘rganib chiqilmoqda. Prezidentimizning viloyatdagi Xalq qabulxonalariga fuqarolar va xo‘jalik yurituvchi subyektlardan 17 ming 248 ariza, 14 ming 19 shikoyat va 98 taklif kelib tushgan. Ularning 11 ming 154 tasi qanoatlantirilib, 1 ming 470 tasi rad etilgan. 14 ming 574 tasiga tushuntirish berilib, 4 ming 167 tasi tegishli tartibda o‘rganib chiqilmoqda.

Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar tahliliga ko‘ra, uy-joy va yer uchastkasi ajratish, gaz, elektr energiyasi va suv ta’minoti, aholi bandligini ta’minlash borasidagi muammolar ko‘proq zikr etilgan. Bu masalalarni hal etish uchun viloyatda aniq chora-tadbirlar amalga oshirilayotir. Jumladan, shahar va tumanlar hokimlari o‘rinbosarlari, xotin-qizlar qo‘mitasi raislari rahbarligida tuzilgan ishchi komissiyalar tomonidan tomorqaga muhtoj va kam ta’minlangan oilalar ahvoli o‘rganildi. Unga muvofiq, 5 ming 400 dan ortiq fuqaroga uy-joy qurish uchun yer uchastkasi ajratildi. 17 qishloq massivida barpo etilayotgan mingdan ziyod yangilangan namunaviy loyihalar asosidagi zamonaviy uyda pardozlash ishlari amalga oshirilmoqda. Termiz shahrida beshta arzonlashtirilgan ko‘p qavatli uy bunyod etilmoqda.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili investitsiya dasturi hamda qo‘shimcha qabul qilingan dasturlar asosida 48 milliard so‘mlik mablag‘ ajratilib, 45 suv inshootida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Bu 116 mingdan ortiq aholini markazlashtirilgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlash imkonini beradi.

Boysun tumanidagi Xo‘jamayxona tabiiy bulog‘idan tuman markazi va boshqa aholi punktlarini ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlash loyihasi amalga oshirilmoqda.

Tabiiy gaz yetib bormagan hududlarni suyultirilgan gaz bilan ta’minlash sifatini yanada yaxshilash uchun joriy yilning o‘tgan davrida 80 ming 500 dan ortiq maishiy gaz balloni tarqatildi. Yil yakuniga qadar yana 52 ming 600 dan ortiq shunday ballon tarqatiladi. Aholining suyultirilgan gazga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish maqsadida maishiy gaz ballonlarini saqlash va tarqatishga mo‘ljallangan 9 servis markazi, Sariosiyo tumanida yiliga 100 ming dona maishiy gaz balloni ishlab chiqarish va sinovdan o‘tkazish quvvatiga ega korxona qurilmoqda.

Elektr energiyasi bilan ta’minlash ham sifat jihatidan yaxshilanmoqda. Ana shu maqsadda viloyatda 61,3 kilometr elektr tarmog‘i tortilib, 18 transformator punkti rekonstruksiya qilindi. Yirik hajmdagi havo elektr uzatish tarmoqlari va 694 transformator punkti joriy ta’mirlandi. Biroq, aholi tomonidan foydalanilgan tabiiy gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi uchun o‘z vaqtida to‘lovlarni amalga oshirishda jiddiy e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Ayni paytda iste’molchilarning tabiiy gazdan 74 milliard so‘mga yaqin, elektr energiyasidan 90 milliard so‘mdan ortiq qarzdorligi yuzaga kelgani fikrimiz tasdig‘idir.

Aholi murojaatlarida moddiy yordam, nafaqa, aliment undirish, sud, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, yo‘l qurilishi kabi sohalar bilan bog‘liq masalalar ham talaygina. Qabul davomida ko‘tarilgan bu kabi muammolarning ko‘pchiligi tegishli tartibda joyida hal etildi.

– Turmush o‘rtog‘im buyrak-tosh kasalligiga chalingan, II guruh nogironi, – deydi Termiz shahrining Navro‘z mahallasida yashovchi M.Tillayeva. – O‘n olti marta operatsiya qilindi. Hozir yana davolanishga muhtoj, biroq mablag‘imiz yo‘q. Ushbu masaladagi murojaatimiz bugun ijobiy hal etildi. Toshkent shahrida bepul davolanish uchun yo‘llanma berishdi. Buning uchun davlatimizdan behad minnatdormiz.

Boysun tumanidagi Duoba mahallasi tog‘li hududda joylashgan. Tog‘ yo‘lining nosozligi odamlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. 56 kilometr yo‘lning atigi o‘n kilometriga asfalt yotqizilgan. Mehnat faxriysi, keksa pedagog Ramazon Abdullayev yo‘lni sozlashda amaliy yordam so‘rab, mahalla oqsoqollari nomidan murojaat qildi. Bu muammo hududiy dastur doirasida o‘z yechimini topadigan bo‘ldi.

– Mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish, odamlarning dardu tashvishini tinglash, muammolarini joyida hal etishning ta’sirchan usuli joriy etilgani juda yaxshi ish bo‘ldi, – deydi R.Abdullayev. – Esimni tanibmanki, shu ahvol, o‘nqir-cho‘nqir yo‘lda qatnaymiz. Mana, bugungi murojaatimiz asosida odamlarni qiynab kelayotgan bu muammo hal etiladigan bo‘ldi. Olis va chekka hududlarga qaratilayotgan bunday e’tibor biz, tog‘liklarni yanada ruhlantirib, ko‘proq mehnat qilishga, el-yurt ishiga kamarbasta bo‘lishga undamoqda.

Sayyor qabulda fuqarolarning 900 ga yaqin murojaati ko‘rib chiqilib, aksariyati shu yerning o‘zida yechim topdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
2 339






Все о погоде - Pogoda.uz