Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.04.2017 19:06 Chop etish versiyasi

Sayyor qabul: fuqarolar murojaati doimiy e’tiborda

– Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga murojaat qilishdan avval ko‘p o‘yladim, davlatimiz rahbarini o‘zimga, oilamizga tegishli bo‘lgan muammo bilan bezovta qilgim kelmadi, – deydi Qibray tumani Do‘rmon mahallasida yashovchi Sharofat Rajabova. – Bu ishimdan andisha ham qildim. Bir necha yildan buyon tegishli idoralarga o‘zimiz yashab kelayotgan uyning hujjatlaridagi kamchiliklarni to‘g‘rilash bo‘yicha maslahat so‘rab, ariza berib, yechimini topolmayotgan muammomiz ikki haftada hal bo‘ldi.

Zalning oldingi saflaridan turib gapirayotgan Sharofat Rajabova unda-bunda «Zo‘r!», «Ish bunday bo‘libdi» degancha chapak chalib yuborganlarga yelkasi osha o‘grilib qarab olar ekan:

– Bugun hamma hujjatlarni tayyorlab... – bir jilmayib, bir entikib davom etadi u. – Bugun... mana, kadastr hujjatlarini uyimga olib kelib berishdi. Hammangizning oldingizda oilamiz nomidan Prezidentimizga rahmat aytaman...

Uning oxirgi so‘zlari gulduros olqishlarga yo‘g‘rilib ketdi.

Chirchiq shahridagi Kimyogarlar madaniyat saroyida 10-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati mas’ul xodimlari tomonidan tashkil etilgan sayyor qabulda bu kabi holatlar ko‘p kuzatildi.

Sayyor qabulda Toshkent viloyati Chirchiq shahri va Qibray tumani aholisi tomonidan Prezidentimizning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga yo‘llangan murojaatlar atroflicha ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Markaziy bank, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash, Mudofaa, Moliya, Mehnat, Adliya vazirliklari, davlat qo‘mitalari rahbarlari, Toshkent viloyati, Chirchiq shahri va Qibray tumani hokimliklari mas’ul xodimlari, fuqarolar ishtirok etgan ochiq muloqotda jismoniy va yuridik shaxslardan tushayotgan murojaatlar davlatimiz rahbarining shaxsan nazoratida ekani, bunday sayyor qabullar fuqarolarning davlat organlariga murojaat qilish borasidagi huquqini ta’minlash, ularni qiynayotgan muammolarni qonun asosida samarali hal etishda ta’sirchan vositaga aylanayotgani ta’kidlandi.

Joylarda o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlarda fuqarolar xalq bilan muloqot qilish va murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan yangi tizimdan mamnun ekanliklari, bu ularning turli yo‘nalishlardagi muammolari qonun doirasida tez hal bo‘lishiga xizmat qilayotganini ta’kidlamoqda. Murojaatlarni o‘rganish, tahlil qilish natijalari asosida qaysi hududda qanday sohalarda kamchiliklar borligi, qaysi davlat idorasi mutasaddilari faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganini aniqlash mumkin. Hudud fuqarolari ko‘proq uy-joy, moddiy yordam, ish haqi va pensiya, mehnat va bandlik, issiqlik, elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti, fuqarolik, pasport va propiska, sud, bank-moliya, obodonlashtirish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, transport va yo‘lovchi tashish, ichimlik suvi kabi masalalar bo‘yicha murojaat qilgan.

Joriy yilning 9-apreliga qadar Prezidentimizning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga Chirchiq shahri aholisidan 8 ming 400 dan ortiq murojaat tushgan bo‘lib, ularning qiriyb 94 foizi ko‘rib chiqilgan, qolganlari ko‘rib chiqilish jarayonida. Qibray tumani aholisi tomonidan qilingan 8 ming 247 murojaatning 7 ming 800 dan ortig‘i ko‘rib chiqilgan. Qolgan murojaatlar o‘rganilmoqda.

– Bunday ochiq muloqot o‘z ishimizga tanqidiy yondashib, xalq bilan yanada yaqin bo‘lishga, ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganish asnosida hududning har tomonlama rivojlanishida yana nimalarga ahamiyat berish lozimligi haqida dastur vazifasini bajarmoqda, – deydi Qibray tumani hokimi N.Muhamedov. – Tuman hokimligi doirasida hal qilinadigan muammolar Prezidentimizning Virtual qabulxonasigacha yetib borganidan xulosa chiqargan holda, o‘zimiz – quyi bo‘g‘in mutasaddilari ishtirokida mahallalarda, chekka qishloqlarda tashkil etilayotgan sayyor qabullar sonini ko‘paytiramiz.

Sayyor qabulda har bir soha doirasidagi muammolar muhokamasi, fuqarolar va tegishli soha mutasaddi vakillari uchun yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazish maqsadida alohida xonalar tashkil etildi. Bu muloqotning yanada samarali tashkil etilishi, aksariyat muammoning joyida hal qilinishiga xizmat qilayotir.

Qibray tumani «Oqqavoq» qishloq fuqarolar yig‘ini aholisi nomidan murojaat qilgan Aygul To‘raqulova 1 ming 500 dan ortiq aholi yashayotgan hududda gaz, ichimlik suvi, elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar hal qilib berilishini so‘radi.

– Bugun qishlog‘imizda suv quvurlarini almashtirish, nasos o‘rnatish ishlari boshlandi, – deydi A.To‘raqulova. – Ko‘p idoralarga yuborgan arizalari javobsiz qolgan qishloq ahli bu yangilikdan juda xursand. Murojaatimizda ko‘rsatilgan muammolarimizning barchasi hal bo‘lishiga ishonamiz.

Murojaatlar tahlil qilinganda, ularning aksariyati bir necha yo‘nalishlar, mutasaddi idoralar hamkorligida hal qilinishi lozimligi oydinlashadi. Chirchiq shahrida istiqomat qiluvchi Sevaroy Tojiboyevaning murojaati ham sog‘liqni saqlash va bank xodimlari ko‘magida hal bo‘ldi.

– Farzandimning kasalligini hindistonlik mutaxassislar davolaydigan bo‘ldi, – deydi S.Tojiboyeva. – Davolanish uchun ketadigan mablag‘ni xorijiy valyutaga aylantirib olish uchun Milliy bankning Oqqo‘rg‘on tumani bo‘limi amaliy yordam bermoqda. Muammomiz bugunoq hal bo‘lganidan xursandmiz.

Sayyor qabul tuman va shahar hokimliklari mutasaddilari zimmasidagi mas’uliyatni yanada oshirib, murojaatlar asosida qaysi sohalarda yechimini kutayotgan muammolar borligini ko‘rsatmoqda. Bu kelgusidagi ishlarni samarali tashkil etishda muhim ahamiyatga ega.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA
559






Все о погоде - Pogoda.uz