Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.11.2017 17:48 Chop etish versiyasi

Sayyor malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi

Navoiyda sayyor malaka oshirish o‘quvlarida ishtirok etgan davlat organlari, korxona va tashkilotlarning 54 nafar yuridik xizmati xodimlari hamda 20 advokatga sertifikat va faxriy yorliq topshirildi.

Navoiy davlat pedagogika institutida o‘tkazilgan o‘quvlarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi professor-o‘qituvchilari dars o‘tdi.

Viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Sh.Bahronov, Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi professori, yuridik fanlari doktori X.Fayziyev va boshqalar mamlakatimizda sud-huquq tizimini isloh qilish va huquqni amaliyotda qo‘llash jarayonida soha mutaxassislarining bilim va malakasini oshirish, adolat, insonparvarlik tamoyillari asosida mustaqil faoliyat yuritishida keng imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidladi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.

Prezidentimizning 2017-yil 19-yanvardagi “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi hamda viloyat adliya boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘quvlarga viloyatda faoliyat yuritayotgan yuridik xizmat xodimlari, advokatlik instituti vakillari jalb etildi.

Mashg‘ulotlar alohida guruhlarga bo‘lingan holda tashkil etilib, turli taqdimotlar, amaliy ish jarayonida uchraydigan muammoli masalalar muhokamasi kabi yo‘nalishlarda olib borildi.

– Mamlakatimizda yuridik xizmat faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida sayyor o‘quvlar tashkil etilayotgani biz, soha xodimlari uchun g‘oyat foydali bo‘lmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Navbahor tumani bo‘limi bosh yurist-konsulti Mohira Xalilova. – Malakali mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar tomonidan olib borilgan mashg‘ulotlar tajriba va mahoratimizni oshirishga xizmat qildi. Qonunchilikdagi o‘zgarish va yangiliklarni nazarda tutgan holda, huquqni amaliyotda qo‘llash borasida ko‘nikmalar hosil qildik.

Tadbirda Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov so‘zga chiqdi.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
2 017






Все о погоде - Pogoda.uz