Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.12.2017 10:22 Chop etish versiyasi

Savol-javob: Korxonamiz temir yo‘l shoxobcha yo‘llari mavjud hududni xarid qildi…

Savol: Yagona soliq to‘lovi to‘lovchisi bo‘lgan korxonamiz temir yo‘l shoxobcha yo‘llari mavjud hududni xarid qildi. Tushuntirish bersangiz, temir yo‘l shoxobcha yo‘lining maydoni yagona soliq to‘lovining eng kam miqdorini hisoblab chiqarishda hisobga olinadimi?

Korxona buxgalteri

Javob: Xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan yagona soliq to‘lovining eng kam miqdori kiritilishi munosabati bilan yagona soliq to‘lovini hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi Yagona soliq to‘lovining eng kam miqdori kiritilishi munosabati bilan yagona soliq to‘lovini hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom bilan (ro‘yxat raqami 2203, 2011-yil 3-mart, keyingi o‘rinlarda – Nizom) belgilangan.

Nizomning 3-bandiga muvofiq, yagona soliq to‘lovining eng kam miqdorini hisoblab chiqarishda yuridik shaxslar tomonidan mulk huquqi, egalik qilish huquqi, foydalanish huquqi yoki ijara huquqi asosida foydalaniladigan yer uchastkalari hisobga olinadi, bundan quyidagilar mustasno:

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 280-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, soliq solish obyekti sifatida qaralmaydigan yer uchastkalari;

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 282-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, soliq solinmaydigan yer uchastkalari. Soliq kodeksining 282-moddasi ikkinchi qismi 11-bandiga muvofiq,
umumiy foydalanishdagi temir yo‘llar, shu jumladan, tuproq ko‘tarmasi, sun’iy inshootlar, liniya-yo‘l binolari, temir yo‘l aloqasi hamda elektr ta’minoti qurilmalari, inshootlar va yo‘l qurilmalaridan iborat temir yo‘llar stansiyalari hamda saralash joylari, shuningdek, belgilangan tartibda temir yo‘l transporti korxonalari, muassasalari va tashkilotlariga doimiy yoki vaqtinchalik foydalanishga berilgan ihota daraxtzorlari egallagan yerlar soliq solinmaydigan yer uchastkalari jumlasiga kiradi;

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga asosan tenglik asosida diplomatik vakolatxonalarni joylashtirish uchun berilgan yer uchastkalari.
Endi shoxobcha yo‘llar umumiy foydalanishdagi temir yo‘llarga kirish yoki kirmasligini aniqlab olamiz.

Shoxobcha yo‘llar – magistral liniyada joylashgan temir yo‘l stansiyasini sanoat korxonasi yoki boshqa tashkilot bilan bog‘laydigan temir yo‘llardir (ya’ni, korxonaning o‘zida joylashgan, umumiy foydalanishdagi magistral liniyalarga kirmagan har qanday temir yo‘llar, umumiy foydalanishda bo‘lmagan yo‘llar). Demak, sanoat va boshqa korxonalarning temir yo‘l shoxobcha yo‘llari band etgan yer uchastkalariga nisbatan imtiyoz tatbiq etilmaydi.

Savolingizda ta’kidlanishicha, temir yo‘l transportiga bog‘liq bo‘lmagan korxonangiz temir yo‘l shoxobcha yo‘llari mavjud hududni (bazani) xarid qilgan.

Demak, shoxobcha yo‘llari korxonangiz balansida bo‘lib, temir yo‘l korxonalariga taqdim etiladigan umumiy foydalanishdagi temir yo‘llar tarkibiga kirmaydi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, korxonangiz yagona soliq to‘lovining eng kam miqdorini hisoblab chiqarayotganda korxonangiz balansida bo‘lgan temir yo‘l shoxobcha yo‘llari joylashgan yer uchastkasini hisobga olishi lozim.


7 596