Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.05.2018 16:54 Chop etish versiyasi

Sarhad bilmas, millat tanlamas illat

Sarhad bilmas, millat tanlamas illat Odam savdosi inson, uning huquqlari, qadr-qimmati, osoyishta hayoti va kelajagiga jiddiy putur yetkazuvchi sarhad va millat tanlamaydigan illatdir. Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili 600-800 ming xotin-qiz va bolalar aldov yo‘li bilan chet ellarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda. Bundan olinayotgan daromad giyohvand vositalari va qurol-yarog‘ savdosidan keyin uchinchi o‘rinda turadi.

Demak, odam savdosi ijtimoiy xavfliligi jihatidan kun sayin o‘sib borayotgan jinoyatlardan biridir. Unga qarshi milliy va xalqaro miqyosda kurashni kuchaytirish, zarur dasturlarni ishlab chiqish hamda mazkur muammoga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash muhim ahamiyatga ega.

Yashnobod temir yo‘l kasb-hunar kollejida O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi tashabbusi bilan partiyaning “O‘zbekiston – inson qadri ulug‘langan yurt” loyihasi doirasida “Odam savdosiga qarshi kurash va noqonuniy mehnat migratsiyasining oldini olish – dolzarb masala” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda odam savdosiga qarshi kurash borasida aholining, xususan, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni kasbga yo‘naltirish, o‘z vaqtida ish bilan ta’minlash, shuningdek, barcha mutasaddi tashkilotlar kuchli ijtimoiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yib faoliyat yuritishlari lozimligi ta’kidlandi. Odam savdosining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida yurtimizda olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.

Ishtirokchilarga odam savdosi muammosi, chet ellarga chiqish va o‘zga davlatlarda bo‘lish qoidalari, u yerlarda norasmiy va noqonuniy ishlashning oqibatlari, ushbu jinoyatdan jabrlanganlar uchun yo‘naltirilgan axborotlarni o‘zida mujassam etgan bukletlar taqdim etildi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
2 120