Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.09.2017 18:50 Chop etish versiyasi

Sardorlar va yetakchilar saylanmoqda

Sardorlar va yetakchilar saylanmoqda Shu kunlarda mamlakatimizdagi barcha ta’lim muassasalarida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining sardorlar va yetakchilar kengashi a’zolari saylovlari hamda "Kamalak" a’zosiman" mavzuidagi tadbirlar tashkil etilmoqda.

2-Toshkent yuridik kollejida bo‘lib o‘tgan ana shunday tadbirda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Chilonzor tumani kengashi faollari, o‘quvchilar, o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Kollej direktori A.Hasanov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tom ma’noda mamlakatimiz yoshlarining orzu-istaklarini ro‘yobga chiqaradigan, ularga amaliy yordam ko‘rsatadigan va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydigan tashkilot ekanini alohida ta’kidladi.

Yoshlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularni yetakchilar sifatida tarbiyalash borasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi zimmasiga katta vazifalar yuklatilgan. Bugungi kun yoshlaridan endi har qachongidan ham shijoat bilan ilm egallashi, yurtimizdagi keng ko‘lamli islohotlar jarayoniga faol munosabat bildirishi, o‘z fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lishi talab qilinmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 18-iyuldagi «O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilayotgan tadbirlarda yoshlar yetakchilari saylanmoqda.

Besh bosqichdan iborat saylovlarda dastlab umumta’lim maktablarining sinf sardorlari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining guruh yetakchilari, sinf sardorlari va guruh yetakchilari kengashi a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shahar) sardorlar va yetakchilar kengashi a’zolari – shijoatli, tashkilotchilik va yoshlarni o‘z ortidan ergashtira olish qobiliyatiga ega o‘quvchilar bir yil muddatga ochiq ovoz berish orqali saylanmoqda. So‘nggi beshinchi bosqichda esa Respublika sardorlar va yetakchilar kengashi a’zolari saylanadi.

Shuningdek, yangi saylangan sardorlar va yetakchilar uchun O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va "Kamalak" bolalar tashkiloti haqida ma’lumotlar, "Sardor o‘zi kim?", "Sardor qanday bo‘lishi kerak?", "Etakchi imidji" kabi mavzularda o‘quv-seminarlar va mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. O‘quv yili davomida amalga oshiriladigan ishlar rejasi belgilab olinmoqda.

2-Toshkent yuridik kollejining jinoiy-huquqiy kafedrasi katta o‘qituvchisi Sardor Muhamedov yoshlar yetakchisi etib saylandi.

– Zimmamdagi mas’uliyatli vazifani bajarishda kuch-g‘ayratim va salohiyatim, bor imkoniyatimni ishga solaman, – deydi S.Muhamedov. – Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda faol ishtirokchi bo‘lish menga cheksiz g‘urur bag‘ishlaydi. O‘z ustimda tinimsiz izlanish hamda yoshlarni atrofimda birlashtirib, ularning orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, maslakdosh bo‘lishni burchim, deb bilaman.

Tadbirda guruh yetakchilari hamda yetakchilar kengashi a’zolari saylandi. Ularga yangi tashkilotning maqsad-vazifalari hamda yetakchilar zimmasidagi mas’uliyat atroflicha tushuntirildi.

Mohigul Qosimova, Jonibek Qo‘zimurodov (surat), O‘zA
4 209






Все о погоде - Pogoda.uz