Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.10.2017 14:55 Chop etish versiyasi

Saratonni davolashda yangicha yondashuv

Saratonni davolashda yangicha yondashuv Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatini takomillashtirish, tibbiy xizmat sifatini yanada yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 4-apreldagi "2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Farg‘ona viloyatida ham ushbu hujjat bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilanib, ijrosi to‘liq ta’minlanmoqda.

– Mamlakatimizda onkologiya xizmatini tubdan takomillashtirish, xavfli o‘sma kasalliklarining oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha xalqaro standartlar darajasidagi ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik tibbiy yordamga bo‘lgan talabni qondirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona filiali direktori, tibbiyot fanlari doktori Akbar Hasanov. – Filialimizda saratonni barvaqt aniqlash va samarali davolash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda. Ayni paytda shifokorlar malakasini oshirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

2.jpg

Onkologik kasalliklarning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolashning zamonaviy usullarini joriy etish muhim vazifalardan biridir. Viloyatlardagi dispanserlar Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filialiga aylantirilgani mutaxassislar malakasini oshirish, aholining o‘ziga yaqin hududda yuqori malakali, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam olish imkoniyatini kengaytirishda muhim omil bo‘ldi. Ayni kunlarda markaz bilan mustahkam hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, olimlar, tajribali shifokorlar ishtirokida mahorat darslari, shifokorlarning har bir jarrohlik amaliyoti taqdimoti o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa jarayondagi kamchiliklarni birgalikda hal qilish, o‘z ustida ishlashga undaydi.

Filial zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan bo‘lib, 2015-yilda mukammal ta’mirdan chiqarilgan. Umumiy jarrohlik, ko‘krak qafasi jarrohligi, kimyo-terapiya, anesteziologiya-reanimatsiya bo‘limlari, poliklinika va laboratoriya aholi xizmatida. Bosh, bo‘yin o‘smalari bo‘yicha jarrohlik amaliyoti shu yerning o‘zida amalga oshirilmoqda.

Viloyatda qaror asosida qizilo‘ngach, me’da va kolorektal a’zolar saratonining oldini olish bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, xospislar tashkil etiladi. Bu saratonning oldini olish va aholi salomatligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
1 597






Все о погоде - Pogoda.uz