Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.10.2017 15:58 Chop etish versiyasi

San’at hamkorlikni mustahkamlaydi

Samarqand viloyati musiqali drama teatrida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Markaziy ashula va raqs ansambli hamda Rossiya Federatsiyasi Markaziy Harbiy okrugi ashula va raqs ansambli xonandalarining konsert dasturi namoyish etildi.

O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirliklari qo‘shinlari bo‘linmalarining maxsus taktik-o‘quv mashqlari o‘tkazilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

– O‘zbekistonga tashrif buyurganimizdan xursandmiz, – deydi Rossiya Federatsiyasi Markaziy Harbiy okrugi ashula va raqs ansambli rejissyori Yevgeniy Aptekar. – O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirliklari hamkorligidagi maxsus taktik-o‘quv mashqlarining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdik. Uch kundan buyon harbiy qism va poligonlarda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Markaziy ashula va raqs ansambli bilan hamkorlikda konsert dasturlari namoyish etmoqdamiz. Dunyoga mashhur tarixiy shahar – Samarqandga kelganimizdan juda xursandmiz. Bu yerdagi qadimiy yodgorliklarni aylanib chiqishga bir kun vaqt kamlik qilar ekan. Shuning uchun bu shaharga albatta yana kelaman.

Konsert dasturida harbiy-vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlar, shuningdek, turli xalqlar kuy va raqslari ijro etildi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
1 820






Все о погоде - Pogoda.uz