Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.10.2017 17:43 Chop etish versiyasi

Samarqandning faxriy fuqarosidan tuhfa

Samarqandda germaniyalik folklorshunos olima Gabriele Keller hamda professorlar Xurram Rahimov va Mamatqul Jo‘rayev hammuallifligida yaratilgan ikki jildli “Sehrli o‘zbek ertaklarining tipologik katalogi” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbek va nemis folklorshunoslarining o‘n yillik ilmiy hamkorligi natijasida yaratilgan ushbu kitob nemis tilida nashr etilgan. Uni tayyorlashda hozirga qadar nashr etilgan ertak to‘plamlari, shuningdek, mualliflar tomonidan yurtimizdagi muzeylar, oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda olib borilgan izlanish va tadqiqotlar davomida aholidan yozib olingan materiallardan foydalanilgan.

– O‘zbek xalq ertaklari avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan bebaho madaniy merosdir, – deydi kitob muallifi, Germaniya –O‘zbekiston ilmiy jamiyati vitse-prezidenti Gabriele Keller xonim. – Men ularni ilk bor o‘qiganimdayoq qiziqib qolganman. Bu ertaklarning qadimiyligi va tarixiy haqiqatga uyg‘unligi, o‘ziga xos syujet tizimi hamda o‘zbek xalqi madaniyati, urf-odat va an’analaridan kelib chiqib yaratilgani o‘quvchini o‘ziga maftun etadi.

Bu yil 80 yoshni qarshilayotgan Gabriele xonim O‘zbekistonga ilk bor 1997 yilda kelgan va Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada qatnashib, yurtimizga mehri oshgan. Shundan buyon u har yili yurtimizga kelib, xalqimizning urf-odatlari, san’ati, og‘zaki ijodini o‘rganadi. O‘zbek xalq ertaklarini to‘plab, nemis tilida “Samarqanddan ertaklar” kitobini nashr ettirgan. 2005 yilda unga Samarqand shahrining faxriy fuqarosi berilganida Gabriele xonim to‘lqinlanib, “O‘zbekiston – mening ikkinchi vatanim, men – Samarqand qiziman” degan edi.

Germaniyalik tadqiqotchi yurtimizga tashriflari davomida boshqa viloyatlarda ham bo‘lib, xalq og‘zaki ijodining noyob namunalarini yozib olishga muvaffaq bo‘lgan. Jumladan, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga uyushtirilgan ekspeditsiyalar chog‘ida bevosita aholidan eshitgan ertaklari ushbu kitobga ham kiritilgan. Mazkur nashr Markaziy Osiyoda yaratilgan birinchi xalq ertaklari katalogi sifatida katta ilmiy ahamiyatga ega.

Kitob taqdimotida mualliflar, folklorshunos olimlar, muzey xodimlari yangi nashr haqida o‘z fikrlarini bayon etdi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
1 404






Все о погоде - Pogoda.uz