Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.11.2017 20:01 Chop etish versiyasi

Samarqandda xalqaro anjuman o‘tkaziladi

Samarqand shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish hamda taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzuidagi xalqaro konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 28-sentabrdagi farmoyishiga muvofiq ayni paytda Samarqandda mazkur anjumanga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shtab tarkibiga viloyatdagi mutasaddi idoralar mas’ul xodimlari kiritilgan bo‘lib, ular zimmasiga aniq vazifalar yuklatilgan.

– Konferensiya ishtirokchilarini kutib olish, ularning anjuman doirasidagi tadbirlarda qatnashishi va kuzatishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida 15 ishchi guruhi tuzilgan, – deydi konferensiyaga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha viloyat shtabi kotibi B.Saydaliyev. – Tadbir ishtirokchilarini xalqaro talablar va xalqimizga xos yuksak mehmonnavozlik bilan kutib olish maqsadida Samarqand xalqaro aeroporti va temir yo‘l vokzalida barcha sharoit yaratilmoqda. Nufuzli mehmonlarni joylashtirish va ularga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish uchun “Registon Plaza”, “Osiyo Samarqand”, “Grand Samarqand”, “Registon”, “Zilol baxt”, “Regal palas” va boshqa mehmonxonalar tayyorlab qo‘yildi. Konferensiya qatnashchilariga tarjimonlik va gid ekskursovod xizmatlarini ko‘rsatish uchun Samarqand davlat chet tillar institutining yuqori malakali o‘qituvchi va talabalari saralanib, ular bilan mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Shahardagi “Forumlar majmuasida” konferensiyaning yalpi yig‘ilishi va sho‘ba majlislarini, shuningdek, ishtirokchilarning ikki va ko‘p tomonlama uchrashuvlarini yuqori saviyada o‘tkazish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Anjuman doirasida mehmonlarning Samarqand shahridagi tarixiy obidalar, muqaddas ziyoratgohlar va boshqa diqqatga sazovor maskanlarga sayohati, ta’lim va tibbiyot muassasalari, ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishishi rejalashtirilgan. Shu bois ayni paytda ushbu maskanlarda keng ko‘lamdagi obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Shahar ko‘chalari konferensiya ruhiga mos tarzda banner va ko‘rgazmali vositalar bilan bezatilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa qator xalqaro tuzilmalar, xorijiy davlatlar rasmiy vakillari, nufuzli siyosatchilar, olim va mutaxassislar ishtirokida Samarqandda o‘tkaziladigan mazkur xalqaro konferensiya Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida ilgari surilgan ilg‘or g‘oya va tashabbuslarni hayotga tatbiq etish, dunyo xalqlari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik aloqalarini kengaytirish, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

G‘olib Hasanov, O‘zA
2 635






Все о погоде - Pogoda.uz