Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.06.2018 17:53 Chop etish versiyasi

Samarqand viloyatida 106 ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi ochish rejalashtirilgan

Samarqand viloyati maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha 2018 yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”da joriy yilda tuman va shaharlarda 106ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi ochish rejalashtirilgan. Shuningdek, 112 mavjud binoda davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat MTM tashkil etish va 15 uy-bog‘cha faoliyatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon tadbirkorlik subyektlari va fuqarolar tomonidan 146 nodavlat, 87 davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etish yuzasidan murojaatlar bo‘lgan. Ularning 179 tasi bo‘yicha bino va yer ajratish to‘g‘risida tuman, shahar hokimlarining qarorlari qabul qilingan.

Samarqand shahridagi “Kamalak eko nur” xususiy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi ham ana shu imkoniyatlar tufayli tashkil etilgan bog‘chalardan biridir.

– Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etish harakatini 2016 yilda boshlaganmiz, – deydi “Kamalak eko nur” maktabgacha ta’lim muassasasi rahbari Sh.Rustamova. – Shahardagi foydalanilmay turgan sobiq musiqa maktabi binosini ijaraga olib, rekonstruksiya qilishga kirishdik. 2017 yilda Prezidentimizning maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirishga doir farmon va qarorlari qabul qilinib, yurtimizda ushbu sohaga alohida e’tibor qaratilgach, ishimiz tezlashib ketdi. Binoda 150 tarbiyalanuvchiga sharoit yaratilib, jihozlandi. Joriy yil mart oyidan tarbiyalanuvchilarni qabul qilish boshlandi. Hozirda bog‘chamizga 60 nafardan ortiq bola qabul qilingan. 30 ga yaqin xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Muassasa to‘la quvvat bilan ish boshlagach, yana 60 kishini ishga qabul qilamiz. Davlatimiz tomonidan berilgan imtiyoz va qulayliklar tufayli yaqinda ushbu bino “nol” xarid qiymatida tasarrufimizga berildi. Bu imkoniyatdan samarali foydalanib, kelgusida hududimizda xususiy boshlang‘ich ta’lim maktabi tashkil etmoqchimiz.

Muassasada mashg‘ulotlar o‘zbek va rus tillarida olib boriladi. Shuningdek, ingliz tili va mental arifmetika bolalarning yoshidan kelib chiqib, chuqurlashtirilgan holda o‘rgatiladi. Gimnastika, aerobika, shaxmat-shashka to‘garaklari esa bolalarning jismonan barkamol ulg‘ayishi va aqliy rivojlanishiga yordam beradi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
1 879