Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.05.2018 12:52 Chop etish versiyasi

Samarqand viloyati hokimi: odamlar uchun qulaylik yaratish,turmush madaniyatini oshirish – asosiy mezon

Samarqand viloyati hokimi: odamlar uchun qulaylik yaratish,turmush madaniyatini oshirish – asosiy mezon Samarqand viloyati hokimi T.Jo‘rayev “Obod qishloq” dasturi asosida bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgan Jom qishlog‘ida viloyat va Nurobod tumani faollari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan “Obod qishloq” dasturi asosida Samarqand viloyatida birinchi bo‘lib shu qishloqda bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlariga kirishilgan edi. Ikki oy ichida Jom va Girdiqo‘rg‘on mahallalaridagi 469 turar-joy binosi homiylar hisobidan ta’mirlanib, uylar va ularning atrofi to‘siq devorlar bilan o‘raldi. Yana 194 uyda bunyodkorlik ishlari davom etmoqda. Shuningdek, hududda 1 hammom, 3 avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 4 oziq-ovqat do‘koni, 2 avtobekat qurilishi yakuniga yetmoqda.

Aholi tomorqasidan samarali foydalanish maqsadida 232 xonadonda imtiyozli bank kreditlari hisobidan 1 sotixli ixcham issiqxonalar tashkil etilib, sabzavot ekinlari parvarishiga kirishildi. Nurobod tumani “Tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyati esa 21 oila uchun issiqxona qurib, tomchilatib sug‘orish vositalari va ko‘chat bilan ta’minladi.

Eski va bugungi kun talablariga mutlaqo javob bermaydigan Jom dehqon bozori o‘rnida zamonaviy loyiha asosida 420 o‘rinli bozor qurilishi ham jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Ushbu majmua ham yaqin kunlarda foydalanishga topshiriladi.

Hududdagi ikkita umumta’lim maktabi joriy ta’mirdan chiqarilib, yangi mebel va o‘quv jihozlari keltirildi. Muassasalar hovlisi obod etildi va 2 issiqxona qurildi. Qishloq oilaviy poliklinikasi qurilishi uchun byudjetdan mablag‘ ajratildi, loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanib, ekspertiza xulosasi olindi.

4.JPG

Jomdagi bunyodkorlik ishlari avvalida ikkita yangi maktabgacha ta’lim muassasasi qurilishi rejalashtirilgan edi. Shu kunlarda bitta muassasa binosi qurilishi tugallanib, pardozlash ishlari olib borilmoqda.

Dastur asosida qishloq hududidagi 23,1 kilometr yo‘lga tosh to‘kilib tekislandi, 0,55 kilometr masofada asfalt yotqizildi.

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida bugungi kungacha 18 kilometr masofaga suv tarmog‘i tortildi, 2 suv inshooti ta’mirlanib, 1 tasi yangidan qurildi. Elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha hozirgacha 8 transformator, 483 dona beton ustunlar o‘rnatilgan, 22,3 kilometr masofaga kabel tortilgan.

Viloyat va shahar tibbiyot muassasalarining tor soha mutaxassislaridan iborat guruhlar tomonidan hududda istiqomat qilayotgan 22 ming aholining 20 ming 733 nafari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tibbiy ko‘rik natijasida kasalligi aniqlangan fuqarolarga ambulator va statsionar davolanish uchun tavsiyalar berildi. 50 ga yaqin bemor yo‘llanma asosida viloyat tibbiyot muassasalarida, yurtimizdagi sanatoriylarda salomatligini tikladi.

Viloyat hokimi shu paytgacha amalga oshirilgan ishlarni e’tirof etish bilan birga, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 26 aprel kuni o‘tkazilgan “Obod qishloq” dasturini amalga oshirishni samarali tashkil etish bilan bog‘liq masalalar va bu boradagi eng muhim vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bildirilgan tanqidiy fikrlardan kelib chiqadigan vazifalarga e’tibor qaratdi.

– Hududdagi obyektlar, aholi turar joylarini ta’mirlash, qishloq infratuzilmasini takomillashtirishda zamon talabi va odamlar uchun qulaylik yaratish, turmush madaniyatini oshirish asosiy mezon bo‘lishi kerak, – dedi T.Jo‘rayev. – Bu ishlarni xo‘jako‘rsinga qilib, bir-birimizni aldamaylik. Obodlik bunday ishlar bilan o‘lchanmaydi. Bu kabi inshootlar avvalo tartibga, keyin sifatga mos ta’mirlanishi, kerak bo‘lsa, qaytadan bunyod etilishi zarur. Jomda bodom, unabi, yong‘oq, pista va o‘rik daraxtlari yaxshi o‘sishi haqida mutaxassislar aytishmoqda. Demak, aholiga ushbu mevali daraxtlarni ko‘proq ekishni tavsiya qilish kerak. Aholining ayrim toifasi boqimandalik kayfiyatiga tushib qolgan, o‘z uy-joyi, hovlisi va tomorqasidan foydalanishga e’tibor bermayapti. Vaziyatni o‘zgartirish, odamlarning turmush darajasini yaxshilash maqsadida qishloqning faol, tashabbuskor kishilari, oqsoqollari imkoniyatidan samarali foydalanish lozim.

Yig‘ilishda mutasaddilarning ijtimoiy, yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari, aholini ijtimoiy muhofaza qilish bo‘yicha hisobotlari tinglandi. Bu boradagi ishlarni jadallashtirish va sifatini oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

17.JPG

– Qishlog‘imizda amalga oshirilayotgan ishlardan hammamiz shodmiz, – deydi Girdiqo‘rg‘on mahallasida yashovchi Oybek Murodov. – Endi biz bu xayrli ishlarga monand yashashimiz, harakat qilishimiz lozim. Zero, obod qishloq odamlarining qalbi ham obod, madaniyati ham yuksak bo‘lishi kerak. O‘zim bu ishlardan ruhlanib, tadbirkorlikni boshladim. Hozir oila a’zolarim bilan 250 bosh tovuq boqyapman. Har kuni 230-235 dona tuxum olib, qishloqdoshlarimga yetkazib beryapman. Kuniga ro‘zg‘orimga 45-50 ming so‘m foyda kelmoqda. Endi yana 250 bosh tovuq, 200 bosh bedana boqishni rejalashtirdim.

Shu kuni qishloqda istiqomat qiluvchi 14-24 yoshlilar o‘rtasida 3 kilometrga yugurish marafoni, 22-umumta’lim maktabida sambo kurashi bo‘yicha Jom birinchiligi o‘tkazildi. G‘oliblar aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

Qishloqda istiqomat qilayotgan mehnat faxriylari, nuroniylar uchun bayram dasturxoni yozilib, viloyat hokimligining esdalik sovg‘alari topshirildi. Viloyatning taniqli san’atkorlari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
5 252