Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.03.2018 17:31 Chop etish versiyasi

Samarqand va Sug‘d yana bog‘landi

Samarqand va Sug‘d yana bog‘landi
Samarqand viloyati va Tojikiston Respublikasining Sug‘d viloyati o‘rtasidagi “Jartepa” va “Sarazm” o‘tkazish punktlari ochildi.

Shu munosabat bilan ushbu maskanlarda o‘tkazilgan tantanali marosimda Samarqand va Sug‘d viloyati hokimliklari rahbarlari, faollar, keng jamoatchilik vakillari va chegara hududida yashovchi aholi ishtirok etdi.

O‘tkazish maskanlari bayramona bezatilgan. O‘zbekiston va Tojikiston Respubliklari davlat bayroqlari hilpiraydi. Ikki qardosh xalq do‘stligi, mushtarak madaniyati va an’analari aks etgan suratlar, shiorlar o‘rnatilgan.

Ikki davlat o‘rtasidagi chegara – “Sarazm”dan “Jartepa” o‘tkazish maskaniga tojikistonlik mehmonlar karnay-surnay sadolari ostida, mezbonlarning olqishlari bilan kirib keldi.

7.JPG

Samarqand viloyati hokimi T.Jo‘rayev mehmonlarni qutlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlash borasida hamkorlikda olib borayotgan sa’y-harakatlari yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi. Bu, ayniqsa, tarixan bir-biriga yaqin, milliy urf-odat va an’analari uyg‘un bo‘lgan Samarqand va Sug‘d viloyati aholisi uchun ham keng imkoniyatlar yaratmoqda. Xususan, ushbu chegara postining ochilishi ikki tomonda yashayotgan qardindosh-urug‘, quda-andalarning bir-birlarinikiga emin-erkin, ortiqcha ovoragarchiliklarsiz borib-kelishlari uchun katta qulaylik bo‘ldi.

– 1994-yilda Panjikentdan Urgutga kelin bo‘lib tushganman, – deydi Urgut tumanidagi Uzun mahallasida yashovchi Bahrinoy Mirzayeva. – Tug‘ilib o‘sgan joyim bilan hozir yashayotgan qishloq orasidagi masofa 25-30 kilometrni tashkil etadi. Lekin chegara yopiq bo‘lgani uchun shu paytgacha Bekoboddagi post orqali 400 kilometrdan ortiq masofani aylanib, ming tashvish bilan borib-kelishimizga to‘g‘ri kelardi. Shu sababli yillab ota-onam, aka-ukalarim bilan ko‘risholmasdim. Prezidentimizga ming rahmat, yo‘limizni yaqin qildi. Bu erkinlik, qulaylikdan boshimiz ko‘kka yetdi.

51.JPG

Urgut tumanining Yuqori Kalangar mahallasida yashovchi Husniya Badalovaning aytishicha, uning qizi hozir Panjikent tumanida yashaydi. U ham shu paytgacha qizi va nabiralari, qarindosh-urug‘larini ko‘rish uchun Toshkent viloyati orqali Tojikistonga borib kelgan.

– Onaman, bolamni, nabiralarimni tez-tez ko‘rgim keladi, – deydi onaxon ko‘zlariga yosh olib. – Yo‘l azobi va uzoqligi, har xil hujjatbozliklardan bezib, u kelolmasa, olis yo‘lga qiynalamiz, deb biz borolmasak, uzilib ketishimiz kerakmi? Shu paytgacha ana shunday tashvishu qiyinchiliklar bilan bir-birimizni onda-sonda yo‘qlardik. Yaratganga shukr, bugun chegaralarimiz ochilishi bilan uzog‘imiz yaqin bo‘ldi, qalbimizdagi quvonchu hayajoning cheki yo‘q. Prezidentimizni tunu kun duo qilaman. Ilohim, boshlari omon bo‘lsin. Men kabi minglab onalar u kishidan minnatdormiz.

Marosimda Sug‘d viloyati hokimi Rajabboy Ahmadzoda so‘zga chiqib, Samarqand va Sug‘d viloyatlari o‘rtasidagi punktning ochilishi ikki qo‘shni xalq manfaatlariga xizmat qilishi, do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashini ta’kidladi. Kelgusida ikki viloyat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy hamkorlikning rivojlanishiga umid bildirdi.

16.JPG

O‘zbek va tojik xalqlari adabiyoti va madaniyatining ramzi sifatida konsert dasturi namoyish etildi. Ikki xalq ijodkorlari so‘zi bilan aytiluvchi qo‘shiqlar ijro etildi.

Tojikistonlik mehmonlar maskan hududida yurtimizda ishlab chiqarilgan avtomobil va yuk mashinalari, avtobuslar hamda boshqa mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

53.JPG

Shundan so‘ng Samarqand viloyati hokimligi va jamoatchilik vakillari “Sarazm” maskaniga tashrif buyurdi. Sug‘d viloyati hokimligi va faollar mehmonlarga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatdi. Tojik milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi o‘tkazildi.

Kun davomida minglab o‘zbekistonlik va tojikistonliklar yaratilgan imkoniyat va qulayliklardan bahramand bo‘lib, diydor ko‘rishdilar. Bir-birlariniki mehmondorchilikka yo‘l oldilar.

56.JPG

– Xalqparvar Prezidentlarimizga ming rahmat, – deydi Sug‘d viloyatining Kamartosh qishlog‘ida yashovchi Jalil Rahimov. – Ular tufayli bugun bir necha yildan buyon ko‘rishmagan qizimning diydoriga to‘yish baxti nasib etdi. Qizimni Urgutga uzatgandim. Chegara yopilganidan so‘ng biror marta kelolmadim. Mana bugun qizimni bag‘rimga bosadigan bo‘ldim.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
8 545