Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.07.2018 20:43 Chop etish versiyasi

Samarali faoliyat – yuksalish mezoni

Samarali faoliyat – yuksalish mezoni
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, har yili 16 millionga yaqin birlamchi saraton holati aniqlanadi. Jumladan, O‘zbekistonda ham 100 mingdan ortiq bemor onkologik kasalliklar bo‘yicha hisobda turadi.

Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida “O‘zbekistonda onkologik xizmatning holati: onkologik kasalliklarning oldini olish va barvaqt aniqlashning samarali tizimini yaratish, tashxislash va davolashning ilg‘or usullarini joriy etish, zamonaviy diagnostika va davolash apparatlari bilan ta’minlash holati va istiqboli” mavzuida tashkil etilgan matbuot anjumanida shu haqda ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Resrublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.Shodmonov va boshqalar Prezidentimizning 2017-yil 4-apreldagi “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rstishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada o‘z yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etishda muhim dasturilamal bo‘layotganini ta’kidladi. Mazkur qarorda belgilangan vazifalar bo‘yicha viloyatlardagi 15 ta onkologiya dispanseri Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining filiallariga aylantirildi.

Sut bezi saratoni skriningi o‘tkazish uchun 13 mobil va 16 statsionar mammografik uskunalar xarid qilinmoqda. Bundan tashqari, qizilo‘ngach, me’da saratoni bo‘yicha Farg‘ona viloyatida tajriba tariqasida skrining tadqiqotlar olib borish rejalashtirilgan.

Hududlarda aholiga ko‘rsatilayotgan onkologiya xizmati sifatini tubdan yaxshilash maqsadida o‘tgan yili poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan yetakchi mutaxassislar markazning viloyat filiallariga rahbar lavozimlariga yuborildi. Buning natijasida hududlarda ham yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda. Bu imkoniyat tufayli hududlardan poytaxtga tekshirish va davolanish uchun murojaat qilayotgan bemorlar soni kamayib boryapti.

Bu ishlarni yanada kuchaytirish, hududlarga konsultativ yordam ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yetakchi mutaxassislaridan iborat 10 ta guruh shakllantirildi. Ular tomonidan hozirgi kungacha jami 593 tuman va shaharga chiqishlar amalga oshirildi. 913 tibbiy mashg‘ulot va ma’ruzalar o‘qildi. Hududlardan jami 19 ming 222 mutaxassis ushbu ma’ruza va mahorat darslarida ishtirok etdi. Jami 13 ming 319 bemor ko‘rikdan o‘tkazildi. Hududlarda jami 389 jarrohlik amaliyoti bajarildi, ularning 153 tasi yuqori texnologik amaliyotlardir.

Matbuot anjumanida onkologiya xizmatining bugungi holati va istiqboldagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
2 867