O‘zA O`zbek

02.03.2018 09:25 Chop etish versiyasi

Respublika “Mahalla” xayriya jamoat fondi va “Nuroniy” jamg‘armasi faollarining Murojaati!

Hurmatli yurtdoshlar!

Muhtaram otaxon va onaxonlar!

Qadrli yoshlar!

Mamlakatimizda inson manfaatlari va turmush farovonligini ta’minlash, xalqimizning hayot darajasi va sifatini yaxshilash, yosh oilalarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish yo‘lida katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada xalqimizning ezgu qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan, odamlarimizni birlashtirish, ular o‘rtasida o‘zaro ahillik va mehr-muruvvat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladigan to‘y va marosimlar muhim o‘rin tutadi. Shu ma’noda, bunday tadbirlar el-yurtimizning madaniyati, ma’naviy saviyasi darajasini yaqqol ko‘rsatuvchi omillardan biri, desak yanglishmaymiz.

Afsuski, keyingi paytlarda to‘ylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazishda shuhratparastlik, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, atrofda yashayotgan odamlarning hol-ahvolini inobatga olmaslik, xalqimizning urf-odatlari va an’analarini mensimaslik kabi salbiy illatlar ko‘zga tashlanmoqda.

Ushbu dolzarb masala necha o‘n yillardan beri xalqimizning o‘tkir muammolaridan biri bo‘lib kelmoqda. XX asr boshida jadid bobolarimiz to‘y-ma’rakalarimizdagi isrofgarchilik va dabdababozlikning millatimizni ma’naviy tanazzul va qashshoqlikka yetaklaydigan illat ekani haqida kuyunib yozganlarini eslaylik. Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy millatimiz taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘ladigan ikki narsa bor: bu – to‘y va azadir, deb ayni haqiqatni yozgan edi.

Afsuski, yillar o‘tsa-da, zamon o‘zgarib borayotgan bo‘lsa-da, milliy taraqqiyotimizga katta to‘siq va g‘ov bo‘lib kelayotgan bu illatga barham berish, to‘y-ma’rakalarni ixcham, zamonaviy ko‘rinishda o‘tkazish o‘rniga, to‘ydan oldin va keyin bo‘ladigan kerakli-keraksiz tadbirlarni o‘ylab topish, dabdababozlik qilib, haddan ziyod isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish holatlari tobora kuchayib bormoqda.

Pul topib, aql topmagan, ma’naviy saviyasi past ayrim kimsalar, ayniqsa, oyog‘i yerdan uzilgan ba’zi mansabdorlar bu borada axloq-odob mezonlarini unutib, o‘zlarining jamiyatdagi mavqeini, boyligini ko‘rsatib qo‘yish kabi xudbin maqsadlarni ko‘zlamoqda.

Eng yomoni, bunday holatlar yoshlarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ularda halol mehnatga nisbatan bepisand munosabat va yengil-elpi hayot kechirish, manmanlikka intilishning kuchayishiga sabab bo‘lmoqda.

To‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha sarf-xarajatlar minglab oilalarning moddiy ahvoli yomonlashuviga, ularning qarz va g‘am-tashvish botqog‘iga botishiga, eng xavflisi, jamiyatimizda qaror topgan ma’naviy muhitni buzishga olib kelmoqda.

Bunday noxush holatlar jamoatchilikning haqli e’tirozini uyg‘otmoqda, ommaviy axborot vositalarida, mahalla-ko‘y, aholi o‘rtasida keng muhokama qilinmoqda. Lekin ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, afsuski, bu borada jiddiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmayapti.

Muhtaram otaxon va onaxonlar!

Qadrli vatandoshlar!

To‘y va marosimlar shaxsiy ish emas, mamlakat va millat taqdiriga daxldor ijtimoiy ahamiyatga ega masaladir. Xalqimizning milliy tabiatiga mutlaqo yarashmaydigan, oilalarning moddiy ahvolini og‘irlashtiradigan, ularning turmushini izdan chiqaradigan bunday bema’ni holatlarga barham berishni bugun hayotning o‘zi talab qilmoqda.

Shu munosabat bilan biz yurtimiz aholisiga, keng jamoatchilik, hurmatli ziyolilarimiz, aziz farzandlarimiz, mutasaddi rahbarlarimizga murojaat qilamiz: har birimiz o‘z hududimizda to‘y va ma’rakalar, oilaviy marosim va boshqa tadbirlarning o‘tkazilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda faol ishtirok etaylik. Bu borada targ‘ibot va tushuntirish ishlari samaradorligi va ta’sirchanligini yanada kuchaytiraylik.

Qur’oni karimda: “Englar, ichinglar, lekin isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymanglar. Zero, Alloh taolo isrof qilguvchilarni sevmagay”, deb buyurilgan. Bir kunlik to‘y deb butun umr yiqqan-tergan mablag‘ini sovurish, bandasiga ato etilgan noz-ne’matni isrof qilish katta gunoh ekanini esdan chiqarmaylik. Soxta obro‘ orttirishga qaratilgan bunday ishlar o‘rniga beva-bechoralarga, nochor insonlar, muhtoj oilalarga yordam beraylik. Xayrli va savobli ishga qo‘l urgan, yetim-esirning boshini silagan odam bir umr savob olishini, xalq ichida doim hurmat va e’zozda bo‘lishini mahalladoshlarimizga, ayollarimiz va bolalarimizga tushuntiraylik.

Har bir mahallada ko‘pni ko‘rgan, kayvoni otaxon va onaxonlar bosh bo‘lib, to‘ylarni ixcham, kamchiqim, zamonaviy qilib o‘tkazish bo‘yicha me’yor va mezonlarni ishlab chiqaylik va ularga qat’iy amal qilaylik.

Yana bir masala – oilaviy tadbirlarda san’atkorlar qonun hujjatlariga muvofiq shartnoma asosida xizmat ko‘rsatsa va shu tartibga qat’iy rioya qilinsa, ularning mas’uliyati yanada oshadi, milliy urf-odatlarimiz va ma’naviyatimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan kuy-qo‘shiqlar, raqs va boshqa chiqishlarning oldi olinadi. Ayni paytda ko‘chalar, maydonlar va boshqa jamoat joylarida turli zamonaviy texnik uskunalar, jumladan, ovoz kuchaytiruvchi vositalardan foydalanish atrofdagi insonlarning halovatini buzayotganiga ham befarq bo‘lmaylik.

Bunday tadbirlarni o‘tkazishda haddidan oshgan kimsalarni – ularning mavqei va lavozimidan qat’iy nazar – mahalla fuqarolar yig‘iniga taklif etib, obro‘-e’tiborli kishilar, imom-xatiblar, keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilib, maslahat berib, to‘g‘ri yo‘lga solaylik.

Har bir ishda, jumladan, urf-odatlarga amal qilishda ham me’yor va tartib hal qiluvchi omil ekanini unutmaylik. Hayotimizda osoyishtalik hukmron ekan, oilalarimizda, yurtimizda tinchlik, xotirjamlik va farovonlik barqaror bo‘ladi.

Qadrli opa-singillar!

Bugungi kunda mamlakatimizda xususiy tadbirkorlik, fermerlik harakati, yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy tarmoqlar, ilm-fan, tibbiyot, ta’lim-tarbiya, madaniyat va san’at kabi muhim soha va tarmoqlar rivojini sizlarning ishtirokingizsiz tasavvur etish qiyin. Sizlar xonadonlarimizda, mahallalarimiz, butun yurtimizda o‘zaro hurmat va hamjihatlik, mehr-oqibat muhitini yaratishda doimo faol bo‘lib kelmoqdasiz.

Shunday ekan, ijtimoiy hayotimizdagi nufuzingiz va mavqeingizdan foydalanib, to‘y va turli marosim o‘tkazayotgan oilalarga kirib, sarpo, buyum yig‘ishga ruju qo‘yish, ortiqcha orzu-havasga berilish nafaqat oila byudjetiga, balki yosh oilalar ma’naviyatining negiziga ham jiddiy putur yetkazishini hayotiy aniq misollar orqali tushuntirib berishingiz lozim.

Bu masalada ko‘p narsa siz – ayollarga bog‘liq ekanini unutmang.

Aziz o‘g‘il-qizlar!

Sizlarning yorqin istiqbolingiz uchun davlatimiz, ota-onalaringiz barcha sharoitlarni yaratmoqda. O‘qib-o‘rganaman, zamonaviy kasblarni egallayman, degan maqsad bilan yashayotgan tengdoshlaringiz katta marralarni zabt etmoqda. Eng so‘nggi texnika va texnologiyalarni boshqarmoqda, rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or yoshlari bilan barcha sohalarda tengma-teng bellashmoqda.

Shiddat bilan tez o‘zgarib borayotgan bugungi globallashuv zamonida sizlarning asosiy vazifangiz – zamonaviy ilm-fan yutuqlarini, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sirlarini, chet tillarni puxta egallash, mamlakatimizni har tomonlama ravnaq toptirishga hissa qo‘shishdan iboratdir. Bugungi dunyo taraqqiyotidan yaxshi xabardor bo‘lgan XXI asr yoshlari sifatida sizlar millatimiz sha’niga dog‘ tushiradigan bunday salbiy illatlarga qarshi kurashda tashabbus va faollik ko‘rsatasiz, deb ishonamiz.

Albatta, har bir ota-onaning eng katta orzu-niyati jondan aziz farzandining baxtu iqbolini ko‘rishdir. Lekin bunga faqat dabdabali to‘y qilish, moddiy boylik to‘plash bilan erishib bo‘lmasligini sizlar yaxshi bilasiz. Bunga hayotda ko‘plab misollar keltirish mumkin.

Avvalo, o‘zingizning, qolaversa, millatimizning sha’nini, ota-onalaringiz salomatligini, bo‘lg‘usi oilangiz baxtini o‘ylab, to‘ylarimizni kamtarona, ixcham qilib o‘tkazishga tashabbuskor bo‘ling!

Aziz vatandoshlar!

To‘y-ma’rakalar millatimizning azaliy qadriyatlari va an’analarini namoyon etadigan ko‘zgu ekan, ularni yuksak ma’naviy mezonlarga munosib tarzda o‘tkazaylik. Bu ezgu ishga hamma birday bosh qo‘shishi lozim, hech kim o‘zini chetga olishi, menga buning daxli yo‘q, deb loqayd bo‘lishi mumkin emas. Zero, ne-ne mashaqqatlarni, og‘ir kunlarni bir jonu bir tan bo‘lib mardlarcha yengib o‘tgan donishmand xalqimiz odob-axloq mezonlariga ham, muqaddas dinimiz talablariga ham to‘g‘ri kelmaydigan bunday illatlarga barham berishga qodir, deb ishonamiz.

Biz yurtimiz jamoatchiligini shu yo‘lda hamfikr va hamjihat bo‘lishga, ushbu dolzarb masala muhokamasida taklif va tavsiyalar bilan faol ishtirok etishga chaqiramiz.


16 021