O‘zA O`zbek

01.03.2018 12:36 Chop etish versiyasi

Ranglarda aks etgan joziba

O‘zbekiston Badiiy akademiyasida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabasi Oltinoy Shodiyevaning «Joziba» deya nomlangan ilk shaxsiy ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Ko‘rgazmada yosh rassomning qirqqa yaqin rangtasvir ishi namoyish etilmoqda.

Oltinoy Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida tug‘ilgan. Yosh rassom kollej davridanoq turli xalqaro va milliy ko‘rgazmalarda ishtirok etdi. «Tasviriy san’at haftaligi», «Yurt kelajagi» kabi tadbirlarda faol qatnashib, faxriy yorliq va diplomlar bilan taqdirlandi. Shuningdek, «Yosh rassomlar» ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida g‘olib bo‘lib, institutga imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilindi.

Ijodkor asarlari asosan manzara janrida bo‘lib, ularda mamlakatimizning go‘zal tabiiy maskanlari, Samarqand, Buxoro shaharlaridagi tarixiy obidalar va Toshkentning ajoyib ko‘rinishlari aks etgan. Uning «Hayot», «Sharshara», «Bulutli kun», «Bahor manzaralari», «Yomg‘ir», «Erta kuz», «Hojikent», «Oqtoshda» kabi kartinalari shular jumlasidandir.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA
6 576