Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.06.2018 16:50 Chop etish versiyasi

Ramazon tuhfasi – mehr-muruvvat ifodasi

Ramazon tuhfasi – mehr-muruvvat ifodasi
Namangan viloyatining Chust va Uchqo‘rg‘on tumanlarida kam ta’minlangan, nogiron, uy-joyga muhtoj yurtdoshlarimizdan bir guruhiga yangi uylar kaliti topshirildi.

Shu munosabat bilan mahalliy hokimliklar, davlat va jamoat tashkilotlari mas’ul xodimlari, faxriylar, yoshlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirlar har ikki tuman aholisi, xususan, bunday mehr-muruvvat va saxovatdan bahramand bo‘lgan yurtdoshlarimiz qalbiga o‘ziga xos bayram quvonchi va ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

– Prezidentimizning inson manfaatlarini ta’minlash, ayniqsa, mehr va e’tiborga muhtoj fuqarolarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga qaratayotgan alohida e’tiboridan bugundan shukronalik va ertangi kunga ishonch tuyg‘ulari yanada mustahkamlanmoqda, – deydi mehnat faxriysi A.Bekmirzayev. – Ushbu tadbir mamlakatimizda, jumladan, viloyatimizda o‘tkazilayotgan birinchi yoki oxirgi tadbir emas, yil davomida kam ta’minlangan oilalar, nogironlar va yolg‘iz keksalarga mehr-muruvvat ko‘rsatib kelinmoqda. Ammo bugungi tadbir muborak Ramazon hayiti arafasida bo‘layotgani savob va ezgulikning egizakligi timosolida ko‘ngillarga malham bo‘ldi.

Uchqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan marosimda Yoshlik mahallasidagi iqtisodiyot kasb-hunar kollejining foydalanilmay turgan o‘quvchilar yotoqxonasi o‘rnida rekonstruksiyadan so‘ng qayta bunyod etilgan to‘rt qavatli uy ko‘makka muhtoj 60 oilaga berildi.

Ushbu xonadonlar saxovatpesha homiylar tomonidan televizor, mebel, gaz plitasi, gilam va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlanib, farovon hayot kechirish uchun to‘la-to‘kis sharoit yaratib berildi.

– Turmush o‘rtog‘im bilan akam va uning oilasiga tegishli bir hovlida yashar edik, – deydi II guruh nogironi A.Qosimov. – Yashash sharoitimiz og‘ir edi, bu haqda yuqori idoralarga qilgan murojaatimiz bugun o‘z ijobatini topdi. Bundan biz juda xursandmiz.

Chust tumanida ham qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejining bo‘sh turgan ko‘p qavatli yotoqxonasi o‘rnida shinamgina turar joy binosi barpo etilib, uy-joyga muhtoj 30 fuqaroga berildi. Uylarning birinchi qavatidan tikuvchilik sexi o‘rin olgan bo‘lib, shu yerda yashovchilarni ish bilan ta’minlash imkoniyati yaratildi.

Akramjon Sattorov, O‘zA
1 615