Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.05.2018 13:24 Chop etish versiyasi

Ramazon aytishning ham o‘z odobi bor

Ramazon aytishning ham o‘z odobi bor
Ramazon aytishning o‘z yo‘l-yo‘rig‘i, tartib-qoidasi ham mavjudki, buni ko‘pchilik unutishgandek, nazarimizda.

Ramazon aytish xalqimizning milliy qadriyatiga aylanib ulgurgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Unda odamlarning ezgu umidlari, orzu havaslari, niyatlari mujassamdir. Bir so‘z bilan aytganda, unda musulmonlarning qo‘shiqqa jo bo‘lgan ezgu niyati va xolis tilaklari bor. Biroq ramazon aytishning o‘z yo‘l-yo‘rig‘i, tartib-qoidasi ham mavjudki, buni ko‘pchilik unutishgandek, nazarimizda.

Muborak Ramazon oyi boshlandi deguncha, yosh bolalar ikkita-uchta bo‘lib, ramazon kuylab kelishadi. Bu holat, ayniqsa, ko‘p qavatli uylarda urfga aylangan.

Yaqinda bir kishi aytadi. “Bekatda taksi kutib turgandim, oldimga yetti-sakkiz yashar bola kelib, baland ovozda ramazon aytib ketdi. Avvaliga unga qarab turaverdim. So‘ng ketavermagach, so‘zlariga quloq tutdim. Barchasi ajoyib, iliq, dilga yoquvchi gaplar. Ko‘nglim bo‘shab ketdi va pul uzatdim. Bola xursand bo‘ldi. Uni uzoq vaqt kuzatib turdim. U boshqalarning oldiga ham bordi...”

Ayni kunlarda bu kabi holatlarni juda ko‘p uchratamiz. Aslida ramazonni kim, qachon, qayerda aytishi kerak? Ushbu savol har birimiz uchun qiziq, albatta.

– Ramazon aslida Ro‘za oyining faqatgina uchinchi kunida aytilib kelingan, – deydi Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Tohir Ro‘ziyev, – Musulmonlarda birovning eshigini taqillatib yoki pul uchun ramazon aytish uyat hisoblangan. Keng ko‘chada odamlar yig‘ilishib yosh bolalarga, bolaning aytgani ijobat bo‘ladi, deb ramazon qo‘shig‘ini ayttirishgan va ularning og‘izlari shirin bo‘lishi uchun shirinlik berishgan.

Hozirgi kunda bolalarning “pul bering” zaylidagi ramazon aytishlari, umuman olganda, musulmonlar odatiga to‘g‘ri kelmaydigan hodisa-illatdir. Bolaga uqtirib bo‘lmaydi deganlaridek, hozirgi yoshlarga ham uqtirib bo‘lmayapti. Bularning qilib yurgan ishlari tilanchilikdan boshqa narsa emas, nazarimda.

Axir xalqimiz azal-azaldan tilanchilikdan or qilib kelgan. Hozirgi kunda bizning diyorimizda bir kunlik rizqini topa olmaydigan kishi yo‘q bo‘lsa kerak. Shunday ekan, bir kunlik rizqi bor kishilarga tilanchilik qilish harom hisoblanadi. Shuning uchun ularga berish ham haromdir. Mabodo shunday paytda ko‘nglingiz bo‘lmasa “hadya” deb bering.

Azizlar, millatimizga yarashadigan ishlarni qilaylik. Ramazon oddiy qo‘shiq emas, u islomiy qo‘shiq. Kelasi yilgi muborak oylarga ham eson-omon yetaylik va o‘sha ramazondagi ezgu tilaklar barchamizga yor bo‘lsin!

Dilobar Asliddin qizi

O'zA
1 641