O‘zA O`zbek

08.11.2019 Chop etish versiyasi

“Rahbarlik kursisiga o‘tirib, korrupsiyaga yo‘l qo‘yayotgan opa-singillarimiz, afsuski, oramizda bor“

“Rahbarlik kursisiga o‘tirib, korrupsiyaga yo‘l qo‘yayotgan opa-singillarimiz, afsuski, oramizda bor“

Sirdaryo viloyati hokimligida “Rahbar ayollar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish va qizlarni hayotga tayyorlashda jamoaning roli” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi D.O‘rolova va boshqalar rahbarlik lavozimida faoliyat yuritayotgan ayollar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish va qizlarni hayotga tayyorlashda jamoaning roli, rahbar ayollarning kiyinishi va jamiyatda o‘zining odob-axloq normalariga amal qilishi, xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish borasidagi dolzarb masalalar xususida atroflicha to‘xtaldi.

“Bugungi kunda ayollarga bo‘lgan yuksak e’zoz va e’tiborni ko‘plab xotin-qizlarning yuksak unvonlarga, orden va medallarga sazovor bo‘layotganliklarida ham ko‘rish mumkin. Ammo, ayollarimizga berilayotgan ushbu e’tibor, ehtirom va imkoniyatlardan o‘z nafsi yo‘lida foydalanayotgan, rahbarlik kursisiga o‘tirib, korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yayotgan opa-singillarimiz afsuski oramizda bor“, deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi D.O‘rolova.

Seminarda viloyatdagi maktabgacha ta’lim muassasalarining ahvoli, ishga kirish, bolalarni bog‘chalarga qabul qilishda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi achinarli holat ekanligi, bog‘chalar oshxonalarida antisanitariya holatlari, oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va qozonga tushgungacha bo‘lgan davrda talon-toroj qilinishi kabi salbiy holatlar uchrayotganligi tanqid qilindi.

Mehnat faoliyatida xatoliklarga yo‘l qo‘ygan ba’zi maktabgacha ta’lim muassasalari rahbarlari mudirlari o‘z muassasalarida yo‘l qo‘ygan kamchiliklarini zudlik bilan bartaraf etishlari borasida qat’iy ogohlantirildi.

451
Abdujalol QAYuMOV, O‘zA