Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.03.2018 12:49 Chop etish versiyasi

Rahbarlar poralarni rad etmoqda, demak endi jamiyatda korrupsiyaga chek qo‘yiladi

Rahbarlar poralarni rad etmoqda, demak endi jamiyatda korrupsiyaga chek qo‘yiladi
2017-YILDA MANSABDOR SHAXSLARGA PORA BERISH BILAN BOG‘LIQ 1,7 MINGDAN ORTIQ JINOYaT IShI BO‘YIChA SUD HUKMI O‘QILGAN. NATIJADA 2,5 MING NAFARGA YAQIN SHAXS JINOIY JAVOBGARLIKKA TORTILGAN.

Tanish-bilishchilik, poraxo‘rlik... Aslida illat hisoblangan bu qilmishlarni hamma birdek qoralaydi. Ammo o‘z foydasiga kelganda ayrimlar hamon bundan ko‘z yumayotgani sir emas.


Mansabdor shaxslarni qo‘ya turaylik, chunki bunday qilmishga yo‘l qo‘yayotganlar kecha bo‘lmasa, bugun aniqlanib, qonun hukmiga topshirilmoqda. Biroq, oramizda oddiygina maishiy ehtiyojlariga ishlatgan resurslari uchun pul to‘lashdan bo‘yin tovlayotgan, pora berish evaziga bo‘lsa ham mavjud holatni foydasiga hal etishga urinayotgan kimsalar bor.

Deylik, kechqurun chiroq o‘chib qoldi. Bunday qorong‘u lahzalarda kichik rahbardan katta rahbargacha barchasini qoralaymiz. Lekin bunda o‘zimiz, yonimizdagilarning ham aybi bo‘lishi mumkinligini hech o‘ylab ko‘rmaymiz. Axir elektr energiyasi uchun vaqtida pul to‘lamaslik, uni o‘g‘rincha ishlatish, lo‘nda qilib aytganda, noqonuniy foydalanish tarmoqning izdan chiqishiga olib keladigan omillardandir. Ustiga ustak yillar mobaynida energonazoratchilar tomonidan foyda evaziga hisoblagichlarni orqaga qaytarishdek nomaqbul usul odat tusiga kirgan edi.

Davlatimiz rahbari aynan shu masalaga e’tibor qaratib, tabiiy resurslardan foydalanish va to‘lov intizomini mustahkamlashga e’tibor qaratgani bejiz emas.

Qo‘yilayotgan bunday masalalar yechimining amalda o‘z ifodasini ko‘rish, albatta, quvonarli.

Gap shundaki, Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi aholi xonadonlarida elektr energiyasidan qanday foylanilayotgani o‘rganilgan. Tarmoqqa noqonuniy ulangan, ya’ni hisoblagich o‘rnatmasdan elektr energiyasidan foydalanayotgan xonadon aniqlangan va uy egasiga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirgan.

Bu voqeadan keyin uy egasi aybini bo‘yniga olib, tegishli jarimani to‘lab, hisoblagich o‘rnatdimi? Afsuski, yo‘q. U ko‘chilikka tanish bo‘lgan “uslub”dan foydalanishga harakat qildi. Ya’ni, uka iltimos, unday qilmang, aytgan pulingizni beraman, meni jazoga tortmang va hokazo... Nazoratchi bunga ko‘nsa, kimga zarar? Nafaqat davlatga, hammaga zarar bu aslida. Shukrki, shu safar pora rad etildi!

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati Qiziltepa tumani sudida Majburiy ijro byurosi Qiziltepa tumani bo‘limi katta inspektori A.Xo‘jaqulovga pora berishga uringan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

— Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan ayblangan aka-uka Jalolovlar jinoiy til biriktirib, davlat organi mansabdor shaxsiga o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim bo‘lgan muayyan harakatni ularning manfaatlarini ko‘zlab bajartirmaslikka harakat qilgan, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati sudi sudyasi Dilmurod Otamurodov. – Noqonuniy holat bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirmaslik evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib 500 ming so‘m miqdorda pul taklif qilishgan.

Sudlanuvchilarga jazo tayinlashda barcha holatlar hisobga olindi. Ularning avval sudlanmagani, qaramog‘ida voyaga yetmagan farzandlari borligi, qilmishlaridan chin ko‘ngildan pushaymonligi inobatga olindi. Qonunchiligimizdagi insonparvarlik, odillik prinsiplariga tayanib ularga bir yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, 2017 yilda mansabdor shaxslarga pora berish bilan bog‘liq 1,7 mingdan ortiq jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi o‘qilgan. Natijada 2,5 ming nafarga yaqin shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Eslatib o‘tamiz, pora berish jinoyat hisoblanib, bu qilmishni sodir etganlar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga muvofiq javobgarlikka tortiladi.

Jumladan, pora berish, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsiga mazkur mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora bergan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib bevosita yoki vositachi orqali moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish - eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz barav arigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Pora berish takroran, xavfli retsidivist yoki ilgari pora olish, pora olish-berishda vositachilik qilish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan amalga oshirilsa va ko‘p miqdorda sodir etilgan bo‘lsa - besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Pora berish juda ko‘p miqdorda, uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa - o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Basharti, shaxsga nisbatan pora so‘rab tovlamachilik qilingan bo‘lsa va ushbu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda o‘ttiz sutka mobaynida o‘z ixtiyori bilan arz qilsa, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod etiladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
4 818