Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.03.2017 12:41 Chop etish versiyasi

Quvalik bog‘bon o‘z tomorqasida mahalliy iqlimga mos arab xurmosini o‘stirdi

Navro‘z ayyomi arafasida tabiat uyg‘onib, insonlarni ham yangilanishga, yashnatishga undaydi. Yurtni obod, ko‘ngillarni shod etishga chorlaydi.

Prezidentimizning joriy yil 28-fevraldagi “2017-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, yasharish, obodlik, qut-baraka va farovonlik ramzi bo‘lgan Navro‘z ayyomi arafasida mahallalarda, shaharu qishloqlarimizda hasharlar, keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari boshlab yuborilmoqda.

Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish, gulzorlar barpo etish, xonadonu hovlini toza-ozoda tutish xalqimizga xos azaliy fazilat. Zero, tinch-osoyishta yurtda, saranjom-sarishta mahallayu xonadonda fayz-baraka bo‘ladi.

Farg‘ona viloyatining shahar va tumanlarida ham bayram oldidan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Fuqarolar yig‘inlari idoralari atrofidagi bo‘sh yerlar, tashkilot va korxonalar, ta’lim maskanlari, namunaviy loyiha asosida barpo etilgan yangi turar-joy massivlari atrofiga gul va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilib, bog‘lar barpo etilayotgani zamirida ham ana shunday ezgu maqsad mujassam.

Mevali va manzarali daraxtlar, gullar turini ko‘paytirish, mahalliy iqlim sharoitiga mos ekinlar hosildorligini oshirish borasida Quva tumanida o‘ziga xos maktab yaratilgan. Bu tomorqadan unumli foydalanish va uni daromad manbaiga aylantirish orqali aholining turmush farovonligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

– Bugun qay bir mahallaga bormang, bahorgi yumushlar ustidan chiqasiz, – deydi “Mahalla” xayriya jamat fondi tuman bo‘limi raisi Azimjon Yo‘ldoshev. – Tumandagi 65 mahalla fuqarolar yig‘inida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni va Navro‘z ayyomi oldidan hasharlar o‘tkazilmoqda. Ko‘chat ekish obodlikning muhim belgilaridan biri. Yurtdoshlarimiz bugun yaxshi niyat bilan ana shu ezgu ishlarni amalga oshirmoqda. Xonadonini, tomorqasini saranjom-sarishta qilmoqda. Bunday hayotbaxsh odatlarimiz zamirida xalqimizga xos bag‘rikenglik, hamjihatlik, ahillik va o‘zaro hurmat kabi olijanob qadriyatlar mujassam.

Tumanning Boiston mahallasida yashovchi Inomjon Buvanazarov tomorqasidagi 10 sotix yerda issiqxona tashkil etib, limon, apelsin, mandarin kabi sitrus mevalar parvarishini yo‘lga qo‘ygan. Ayni paytda mirishkor bog‘bon banan yetishtirish borasidagi tajribalarini boyitmoqda.

– Davlatimiz rahbarining har bir xonadon tomorqasiga yong‘oq, limon ekish va shu orqali har bir oila o‘z tadbirkorligi, daromad manbaiga ega bo‘lishi kerakligi xususidagi ezgu tashabbusi yurtdoshlarimiz qatori meni ham ruhlantirib yubordi, – deydi Inomjon aka. – Imkoniyatimni chamalab, shaxsiy tomorqa egalariga yiliga 5-10 ming tup sitrus meva ko‘chati yetkazib berishim mumkinligini aniqladim. Bu ehtiyojni to‘la qoplash uchun dehqonchilik xo‘jaligini tashkil etmoqdaman. Xo‘jalik pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, achchiq qalampir kabi sabzavot ekinlari, sitrus mevalar ko‘chatini yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.

Katta hayotiy tajribaga ega Inomjon Buvanazarov uch farzandini yoniga olib, o‘z xonadonidagi mo‘jazgina tajriba bog‘ida arab xurmosini mahalliy iqlimga moslashtirish bo‘yicha dastlabki ijobiy natijalarga erishdi. Shu kunlarda yong‘oq navlarini payvandlash usuli orqali ko‘paytirish ustida tajriba ishlarini olib bormoqda.

“Boiston” mahalla fuqarolar yig‘inida 3 ming 400 dan ziyod aholi istiqomat qiladi. Ko‘chat yetishtirish, bog‘dorchilik borasida katta tajribaga ega mahallada shu kunlarda bahorgi ishlar avj olgan. Bunday ezgu ishlar yurtimizni yanada obod etish, bog‘-rog‘u chamanzorlarga burkash kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilmoqda.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
1 078






Все о погоде - Pogoda.uz