Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.06.2018 19:16 Chop etish versiyasi

Qurol, terror, giyohvandlik... Afg‘onistonga ichkaridan bir nazar

Qurol, terror, giyohvandlik... Afg‘onistonga ichkaridan bir nazar Qurol, terror, giyohvandlik moddalari, portlash va o‘lim... TV orqali Afg‘oniston haqida eshitadigan ma’lumotlarimiz ko‘pincha shunday dahshatli so‘zlar bilan bog‘liq. Lekin, aslida yon qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘oniston ichidagi vaziyat qanday? Qirq yildan buyon faqat urushni ko‘rib ulg‘aygan odamlar hayotdan nimalarni kutyapti? Portlash va g‘alayonlardan boshqa narsani bilmaydigan kelajak avlod o‘z ertasini qanday tasavvur qilar ekan?

AA01.jpg

O‘zbekiston Milliy axborotagentligi orqali xizmat safari bilan ilk ayol jurnalist sifatida Afg‘onistonga borish menga nasib qildi. Bu davlatga borish qanchalar qo‘rqinchli bo‘lsa, unga bo‘lgan qiziqish ham shunchalar kuchli edi.

Safar oldidan, Qobulda ro‘y bergan bir ikki portlash haqidagi yangilik biroz odamni cho‘chitardi. Shunga qaramasdan, O‘zbekistonning janubiy chegaralari ortidagi hayotga qiziqish baribir meni yangiliklar orqali tasvirlangan “Qonli, urushli Afg‘oniston”ga yetakladi. Afsuski, Afg‘onistonning katta shaharlari bo‘lgan — Mozori Sharif, Hirot, Qobullarga borishnasib etmadi. Quyidagi taasurot va xulosalar faqatgina Amudaryoning narigi qirg‘og‘idagi, Termizdan bir-necha kilometr uzoqlikda bo‘lgan Afg‘oniston etagidagi hayot haqida.

“YONINGIZDA QUROL YOKI GRANATA BORMI?”

“Hayraton” ko‘prigidan Amudaryoning u qirg‘og‘iga o‘tarkanmiz, hayolim uzoqlarga ketadi... Bir vaqtlar Amir Olimxon ham oilasi bilan shu daryoni kechib Vatanni tark etgandi. 1917-1937 yillar orasida bu azim daryoni qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz kechib o‘tishmagan. Ular tazyiqdan qochib,o‘z tug‘ilib o‘sgan yurtidan ketishga majbur bo‘lishgan. Bugun Afg‘on taraflarda ana shu yurtdoshlarimiz ham yashab kelmoqda.

Keyinchalik Amudaryoni sobiq SSSR armiyasi kesib o‘tdi. Katta siyosiy xato deb topilgan bu urushda Afg‘oniston yerlaridao‘n yillar davomida o‘zbek, qirg‘iz, tojik, rus yigitlarining qoni to‘kildi.

Shukrki, bugun, bu ko‘prikdan faqat insonparvarlik yordamlari, Afg‘onistonning shimoliy hududini ta’minlab kelayotgan oziq-ovqat mahsulotlari o‘tmoqda. Markaziy Osiyo va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-sotiq ishlari shu ko‘prik orqali amalga oshirilmoqda.

AAAA06.jpg

Yo‘lda davom etamiz...

Chegara qo‘riqchilari bizni to‘xtatib, tezgina hujjatlarni tekshiradi va rasmiyatchilik uchun “Yoningizda, qurol, granata, nasha yo‘qmi?”, deb so‘raydi. Savol menga kulgili tuyuladi...

Zirhlangan avtomobillarda chegaradan o‘tishimiz bilan qurolli askarlarga tez-tez duch kela boshlaymiz. Avvaliga, qurol, pulemyotlarni ko‘rib “lol” qoldim, keyin ko‘nika boshladim. Axir bu yer Afg‘oniston.

Huddi afg‘on halqi kabi atrofda soya-salqin beruvchi daraxtlar ham ko‘rinmaydi. Quruq tekisliklar, oftob, chang, issiq havo... Bu manzarada oynalari qoraytirilgan “Toyoto” rusumli“Jip”larningyurishi Gollivud kinolarini eslatadi.Mashinalardagi haydovchilar yonida qurol ko‘targan harbiy. Yo‘llarda o‘ng-chap taraf tartibi yo‘q. Kim kuchli bo‘lsa, yo‘l uniki, tamom.

AAAA01.jpg

Bolaligidan qurolnio‘yinchoqdek o‘ynab ulg‘aygan qo‘shni yurt odamlari qanday ekan. Xalq orasiga kirib borishimiz bilan, yuz yil ortga qaytgandek his qilaman o‘zimni. Go‘yo bizni zirhli mashinalar qo‘shni yurtga emas balki, vaqt mashinasi qadimgi davrga olib o‘tgandek, go‘yo.

Shu paytgacha buncha ko‘p qurol, askar va o‘rta asr odamlaridek salla o‘rab, hirqa kiygan odamlarni ko‘rmagandim. Ularning faqat kiyimlari emas, nigohlari ham sodda tuyuldi menga. Ular bizga oydan tushgan odamlardek tikiladi, biz ham ularni ko‘rib hayratimizni yashirmaymiz. Aksariyat odamlar uniqqan hirqa va sallalarda. Ayollar orasida ro‘molni yelkasiga tashlaganlar va Afg‘onistonga xos bo‘lgan ko‘k burqa kiyganlar ham talaygina. Suratga olmoqchi bo‘lsak, qo‘llarini sarak-sarak qilib “mumkin emas” ishorasini berishadi. Ayollar ko‘zlarida g‘am bordek, bolalarning esa atrofdagi og‘ir vaziyatga qaramasdan nigohlarida go‘daklarga xos qiziqish, nim tabassum va beg‘uborlikni ko‘rish mumkin. Ulardan birining onasi bilan suhbatlashaman:

— O‘zbekistondan keldingizmi? Men ham Termizga borganman. Nima uchundir odamlarda yurtimizga nisbatan qo‘rquv bor. Go‘yo bizni bombalar va qurolli otishmalar orasida yashaydigandek tasavvur qilishadi. Lekin, hayot unday emas. Ko‘rib turganingizdek tinchlik. Ahyon-ahyonda bo‘lib turadigan portlashlarni aytmaganda tinchgina hayot kechirayapmiz. Bolalar maktabga boradi, do‘konlarga, bozorlarga boramiz, boshqa odamlar qatori ishlaymiz. Shimol taraflarda hayot tinch. Mozori Sharifda ham qarindoshlarim yashaydi. U yerda ham hayot shunday sokin.

AAAA08.jpg

Suhbatimizga yana boshqa bir ayol qo‘shiladi:

— Hayotimiz tinch. Lekin, odamlarning aksari qornini to‘yg‘azib ovqat yemaydi. Suv yo‘q. Ish kam. Hayraton ko‘prigi yaqinida o‘g‘il bolalar asosan yuk tashib pul topadilar. Sizlarda suv bor, hayot yaxshi deb eshitganman. Lekin, suvni tejamaysizlar. Biz kabi suvsizlik nimaligini bilmaysizlar.

Issiq, quruq havo tinkamni quritadi. Oftob kuydiray deydi, atrofda bironta do‘kon, suv sotuvchi shoxobcha ko‘rinmaydi. Chegaradan o‘tish oldidan o‘zimiznikilar ogohlantirishgan edi: “Ro‘zai ramazon oyida, Afg‘oniston hududida suv ichish, chekish, chaqich chaynashdan cheklanganingiz ma’qul”. Qoidalarga rioya qilasiz yoki sizni xavfsizligingizga birov javob bera olmaydi.

AFG‘ONISTONDA 150 TA XUSUSIYTV KANALLAR BOR

Odamlar bilan suhbatlashib turgunimizda O‘zbekistonning Afg‘onistonga yuborgan insonparvarlik yuklari – 50 taga yaqin bug‘doy ortilgan vagonlar kirib kela boshladi. Yordamni tantanali kutib olishgayig‘ilganlar qo‘llarida gul, yuzlarida tabassum bilan peshvoz chiqdilar. O‘zbek xalqi azaldan shunday, qo‘shnisi och turganda qarab turmaydi, tezroq yordam qo‘lini cho‘zishga shoshiladi. Bu xalqimizning azal-abad qon-qoniga singib ketgan qadriyat.

Afg‘onistonning beshta viloyat hokimi O‘zbekiston delegatsiyasini afg‘oncha to‘n va do‘ppi bilan siyladi. Rasmiy marosimda birin-ketinhar ikki taraf vakillari so‘zga chiqa boshladi.

Afg‘oniston davlat vakillari O‘zbekistondan kelgan delegatsiya a’zolariga minnatdorchilik bildirdi, iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishni, madaniy-ma’rifiy aloqalarni kuchaytirishni so‘rab qoldilar. Termizda tahsil olayotgan Afg‘on talabalarining safini kengaytirishni iltimos qildilar.

Tadbirga yig‘ilgan odamlarni birma-bir suhbatga chorlayman. Boshiga salla o‘rab, hirqa kiygan erkak o‘zini Balx viloyati deputati, deb tanishtirdi:

—O‘zbek xalqi bilan azaldan do‘st bo‘lganmiz, sizlar bilan Vatanlarimiz tutash, allomalarimiz bir. Hatto sevimli taomimiz ham bir — Palov.

Ishonasizmi, Mozori Sharifda ko‘pgina davlatlar savdo-markazlarini ochgan edi, ishi yurishib ketmadi. Ammo, O‘zbekiston ochgan savdo-markazi mana hozir gullab yashnamoqda, doim odamlar bilan gavjum. Afg‘on xalqi o‘zbeklarga ko‘proq ishonadi. Aloqalarni yanayam rivojlantirsak yaxshi bo‘lar edi. “Hayraton” orqali mahsulot olib o‘tishdagi yengillik xalqimizga katta yordam bo‘ldi. Odamlar ish bilan ta’minlanyapti, tirikchilik qilyapti, – deydi Matn Sabotiy.

Tadbirda rasmiylar so‘z olmoqda. Afg‘oniston tomonidan uchrashuvni yoritishga kelgan jurnalistlarning ko‘pligi diqqatimni tortdi. Afg‘on telekanalari jurnalistlaridan biri bu davlatning OAVlari haqida shunday deydi:

—Bizning mamlakatda, ommaviy axborot vositalari ko‘p. Bir viloyatda 10-15 taga yaqin telekanallar mavjud. Ularning soni mamlakat bo‘yicha 150 ta. “Faryad”, “Zindagi”, “Hurshid”, “Nigah”,Areyezo”,”Nur TV”Ular mutlaqo erkin. Senzura yo‘q. Jurnalistlar o‘z nuqtai nazarini bemalol, ochiq bildiradi. Bu borada ko‘pgina rivojlangan davlatlar bilan tenglasha oladi. Ularning iqtisodiy manbasi reklamadan, – deydi Iqbol Hakimiy.

Undan Afg‘oniston janubidagi vaziyatni surishtiraman. Jurnalist janubda hamon vaziyat o‘nglanmaganini aytadi. Lekin, shunga qaramasdan tinch aholi avvalgi vaqtlarga nisabatan xavfdan holi. Odamlarning qo‘lida so‘nggi rusumdagi uyali telefonlar. Odamlar do‘konlar ochmoqda, ilm o‘rganmoqda va umuman kelajagini tinch hayot va rivojlanishlar bilan tasavvur qilmoqda. Qo‘rquvlar ortda qoldi, urush va ayollarning uyda berkinib o‘tirishi o‘tmishda qolgan.Rasmiylar orasida ham ro‘mol o‘ragan, davlat xizmatlarida ishlaydigan ayollar bilan suhbatda bo‘ldim. Ular ziyoli, ilmli oilalarda ayollar ko‘chaga chiqishini, ishlashini aytishdi. Umuman olganda Afg‘onistonda ilmli kadrlar tanqis bo‘lgani uchun, universitetni bitirgan talaba tez va oson davlat xizmatiga ishga joylasha olishini aytishdi.

GIYOHVAND MODDALAR

Dunyo Afg‘onistonni giyohvandlik moddalarini yetishtirib tarqatuvchi o‘choqlardan biri, deb bilishadi. Biz borgan hududlarda, albatta, ko‘knori dalalarini uchratganimiz yo‘q. Lekin, buni kutgan edik. Xavfsizlikni ta’minlash uchun kelgan harbiyni isminiso‘rayman, u ismini aytmasdan “harbiyman”, deydi qisqagina. Ko‘knori dalalari haqida so‘rayman, kuladi u. Yana xalq orasidagi vakillardan beri menga bu borada ochiq ma’lumot beradi:

— Qobul taraflarda nashavandlarni ko‘p uchratganman. Biz oilalarimizni, farzandlarimizni giyohvandlikdan uzoq yurishlarini istaymiz.Giyohvandlik hamon Afg‘onistonning eng birinchi va ohriqli muammolaridan biri. Qobul aholisi ko‘proq bu muammo bilan yuzma-yuz kelmoqda. U shaharda giyohvandlik moddalari bilan savdo qiladigan maxsus hududlar bor, – deydi ayol.

Rasmiy uchrashuvlar yakuniga yetgach biz yana mashinalarga o‘tirib ortga qaytdik. Mashinalar yo‘lga chiqishi bilan yerda to‘planib turgan qushlar galasi osmonga ko‘tarildi. Shunda yonimdagi sherigim “Afg‘onistonda ham qushlar galasi paydo bo‘libdi”, dedi. Aytishlaricha urush bo‘layotgan hududlarda qushlar kamayib ketar ekan. Ular faqat osmoni tinch, musaffo bo‘lgan diyorlarda yashaydilar. Atrofda harbiylar, urush xavfini har qadamda eslatuvchi qurol aslahali mashinalarning ko‘p bo‘lishiga qaramasdan osmonda qushlar galasining parvoz qilayotgani bu yurtga ham tinchlik kirib kelayotganidan darak berardi.

Toshkent — Hayraton — Toshkent.

Anora Sodiqova, O‘zA
2 478