Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.03.2017 15:00 Chop etish versiyasi

Qurilishda yong‘in xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokama etildi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi oliy texnik maktabida “Yong‘inga xavfsiz qurilish materiallari xavfsizlik asosidir” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

O‘zbekiston Republikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-fevraldagi farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi instituti, “O‘zstandart” agentligi, Buxoro davlat universiteti, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi va qator institutlar, tashkilot va muassasalar mas’ul xodimlari, olimlar, tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Anjumanda mamlakatimizda qurilish materiallari sanoatida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish va tarmoqni jadal rivojlantirish, mahalliylashtirish dasturi asosida zamonaviy, qulay va sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish ulushini oshirish, sohani diversifikatsiya qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Ayniqsa, bu jarayonda yangi tipdagi zamonaviy aholi turar joylari, binolar va sanoat obyektlarini qurish hamda rekonstruksiya qilishda foydalanilayotgan qurilish materiallarining yong‘in xavfsizligini ta’minlash muhim masalalardan biridir.

– Bugungi kunda mamlakatimizda olti mingdan ziyod qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi oliy texnik maktabi ilmiy xodimi M.Do‘schanov. – Ularda ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallari har jihatdan talabga javob berishi zarur. Sifatli, chidamli hamda yong‘inga xavfsiz bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Ana shunday muhim masalalarni qamrab olgan mazkur anjumandan ko‘zlangan maqsad qurilish materiallarining yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasida erishilayotgan ilmiy-amaliy natijalar, yong‘inga xavfsiz yangi qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha amaliy-fundamental va innovatsion tadqiqotlarda hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Tadbirda "Oligomer antipirenlarni mahalliy xomashyolar asosida sintez qilish va ularning xossalari", "Qurilish materiallaridan foydalanishdagi kamchilik va muammolar", "Oligomer antipirenlar asosida yog‘och va polimer qurilish materiallarini himoyalash", "Yonuvchan qurilish materiallariga davlat standartlari tomonidan qo‘yiladigan talablar va asosiy ko‘rsatkichlari sinovi bo‘yicha tushunchalar" kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Anjumanda yong‘inga xavfsiz qurilish materiallarining ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
3 386






Все о погоде - Pogoda.uz