O‘zA O`zbek

11.06.2018 13:09 Chop etish versiyasi

Qurilishda Navoiy, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida o‘sish kuzatilmoqda

Qurilishda Navoiy, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida o‘sish kuzatilmoqda
Joriy yilning yanvar – may oylarida O‘zbekiston Respublikasida jami 16 551,7 milliard so‘m qurilish ishlari bajarildi. Bu borada o‘sish surati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 111,5 foizni tashkil etdi. 

Davlat statistika qo‘mitasining Xizmatlar sohasi statistikasi boshqarmasi ma’lum qilishicha, jami qurilish ishlari hajmidan yirik pudrat tashkilotlari tomonidan 5 402,0 milliard so‘m qurilish ishlari bajarilib, jami qurilish ishlari hajmidagi ulushi 32,6 foiz hamda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 134,0 foizni tashkil etdi. 

Kichik korxona va tashkilotlar, mikrofirmalar hissasiga jami qurilish ishlari hajmining 41,8 foizi yoki 6 912,7 milliard so‘m to‘g‘ri keldi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 108,3 foizni tashkil etdi, norasmiy sektor hissasiga esa 25,6 foiz yoki 4 237,0 milliard so‘m to‘g‘ri keldi hamda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish 95,3 foiz.

Yirik pudrat tashkilotlari tomonidan bajarilgan qurilish ishlarining eng kam ulushi Jizzax viloyatida kuzatildi – 1,3 foiz. Bu hududda qurilish ishlarining asosiy qismi kichik tashkilotlar va mikrofirmalar tomonidan bajarilib, mazkur hududdagi jami qurilish ishlarining 61,1 foizini tashkil etdi. Norasmiy sektor tomonidan esa 37,6 foiz qurilish ishlari bajarildi.

Sirdaryo viloyatida kichik tashkilotlar va mikrofirmalar tomonidan bajarilgan qurilish ishlarining ulushi eng katta bo‘ldi – 75,7 foiz. Mazkur hududda yirik tashkilotlarning ulushi 4,1 foiz va norasmiy sektorning ulushi 20,2 foiz. 

Qurilish ishlarining hududlar kesimida eng yuqori o‘sish surati Navoiy hamda Toshkent viloyatlarida kuzatildi. 

Navoiy viloyatida “Auminso-Amantoy konlari”da oltin-ma’danli konlarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha konlarni qurish (I-II bosqich), Amudaryo-Zarafshon suv yo‘lida nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish kabi loyihalarning amalga oshirilayotgani tufayli ushbu hududda o‘sish suratining 124,7 foiz bo‘lishini ta’minladi. 

Toshkent viloyatida yakka tartibda turar joy qurilishining jadal borishi tufayli o‘sish surati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 114,8 foiz bo‘ldi. 

Toshkent shahridagi yuqori o‘sish surati, ya’ni 111,7 foiz metro liniyalarining qurilishi, Toshkent shahar halqa yo‘lida elektro poyezdlar uchun temir yo‘l qurilishi va boshqa loyihalarning bajarilishi natijasidir.

Binolar va inshootlarni qurish bo‘yicha ishlarni hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, eng yuqori ko‘rsatkich Navoiy viloyatida (83,7 foiz) qayd etilgan bo‘lsa, bu borada eng past ko‘rsatkich Toshkent shahrida (65,3 foiz) kuzatildi. Fuqarolik qurilishi obyektlarini qurish ishlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Surxondaryo viloyatida (25,0 foiz), bu boradagi eng past ko‘rsatkich Andijon viloyatida (6,1 foiz). Ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etildi va ushbu hududdagi jami qurilish ishlarining 23,7 foizini tashkil etdi.

O‘zA
1 870