Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.03.2018 10:13 Chop etish versiyasi

Qurilish materiallarining turlari 120 taga yetkaziladi

Qurilish materiallarining turlari 120 taga yetkaziladi Mamlakatimizda qurilish materiallari ishlab chiqaradigan sakkiz mingga yaqin korxona faoliyat ko‘rsatadi. Ayni paytda ular 100 dan ortiq turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqarmoqda.

“O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi 97 korxona bugungi kun talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, aholini sifatli qurilish materiallari bilan ta’minlash, tarmoqni modernizatsiya qilish orqali import hajmini kamaytirib, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Jamiyatda o‘tgan yili 3 trillion 113 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, belgilangan prognoz ko‘rsatkichi to‘liq bajarildi. Shuningdek, jamiyat tarkibidagi korxonalar tomonidan 113,1 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 103,2 milliard so‘mlik 9 turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2017- yili Investitsiya dasturi doirasida 13 loyihaga 73,3 million dollarlik investitsiya mablag‘lari jalb etildi.

Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shu haqda ma’lumot berildi.

“O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi B.Zaripov, Janubiy Koreyaning “SY Panel” korxonasi vakili Seo Jung Xo, Turkiyaning “Dal Technik Makina” kompaniyasi vakili M.Dyurak va boshqalar mamlakatimizda barcha sohalar qatorida qurilish materiallari ishlab chiqarishda izchil islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, 2017-yilda qurilish materiallari ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha hududiy dasturlar doirasida umumiy qiymati 586,9 million dollarlik 2 ming 167 loyiha ishga tushirilib, 28,3 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

– Maqsadimiz aholiga sifatli mahsulotlar yetkazib berishdan iborat, – dedi «Qizilqumsement» aksiyadorlik jamiyati bo‘limi boshlig‘i Zayniddin Qurbonov. – Bor imkoniyatlardan oqilona foydalanishga harakat qilmoqdamiz. Sement ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonamizning yillik quvvati 3 million 500 ming tonnani tashkil etadi. Yaqinda eksportni oshirish maqsadida ohakni maydalash yo‘lga qo‘yildi.

Tadbirda joriy yilgi rejalar haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Rejaga ko‘ra, qurilish materiallarining turi 105 tadan 120 taga yetkaziladi. Jumladan, katta o‘lchamli keramik plitkalar, glazurli keramik plitkalar, keramogranit, steklokristalit, bazalt tolali materiallar, kompozit armatura, yuqori markali sement, choksiz metall quvurlar va boshqa ko‘plab qurilish materiallari ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
4 939