Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.02.2018 15:49 Chop etish versiyasi

Qozog‘iston fuqarosi chegarada narkotik modda bilan qo‘lga tushdi

Mamlakatimizda giyohvand moddalar savdosi va iste’moliga qarshi keskin chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Bu borada Sirdaryo viloyati bojxona xodimlari tomonidan narkotik savdosi bilan shug‘ullanadigan guruhlar faoliyatini aniqlash va ularga chek qo‘yish, kontrabanda kanallarini yopish, giyohvand o‘simliklar maydonlarini yo‘q qilish va giyohvandlik illati yoyilishining oldini olish bo‘yicha maxsus tadbirlar o‘tkazilmoqda.

“Sirdaryo” chegara bojxona posti orqali O‘zbekiston hududida piyoda harakatlanayotgan Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi Yerjan Sabitovga (ism-sharifi o‘zgartirilgan) tegishli qo‘l yuklari xolislar ishtirokida bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, uning egnidagi kurtkadan bitta va bojxona nazoratidan o‘tish joyidan bir qadam naridagi gul tuvak oldiga u tomonidan tashlab yuborilgan bitta hamda chap oyog‘idagi paypoq ichidan bitta, jami uchta sellofan paketga o‘ralgan yashil rangli, o‘ziga xos o‘tkir hidli, “nasha” giyohvand moddasiga o‘xshash mahsulot borligi aniqlandi.

–Dastlabki tergovoldi tekshiruv jarayonida fuqaro Ye.Sabitov bergan ko‘rsatmalarda uning yonidan topilgan “nasha” o‘simligi ekanini, o‘zi iste’mol qilish uchun olib o‘tayotganini bayon qildi, – deydi viloyat bojxona tekshiruvlari va surishtiruv bo‘limi bosh inspektor-surishtiruvchisi Tohir Fayziyev. – Xolislar ishtirokida unga nisbatan tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirilib, uning yonidan topilgan giyohvand moddasiga o‘xshash mahsulot ashyoviy dalil sifatida olinib, viloyat IIB ekspert-kriminalistika bo‘limiga yetkazildi. Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, u “marixuana” moddasi ekani ma’lum bo‘ldi.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi Yerjan Sabitovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
3 002