Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.04.2017 18:19 Chop etish versiyasi

Qonunlar targ‘ibotiga bag‘ishlandi

Namanganda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan qonunlar targ‘ibotiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan videoselektor shaklida tashkil etilgan tadbirda viloyatning barcha shahar va tumanlari qamrab olindi. Unda senatorlar, tuman va shahar hokimlari, mahalliy Kengashlar deputatlari, huquqni muhofaza qilish idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, jurnalistlar ishtirok etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida jamiyatni yanada demokratlashtirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, shuningdek, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida fuqarolarning huquq va manfaatlari himoyasini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

– Qonunlar ijrosi va uning amaliy ahamiyati, huquq va manfaatlar qonuniy himoyasining kafolati fuqarolarning davlat boshqaruvi tizimidan tortib barcha soha rahbarlari, xodimlari, jumladan, fuqarolarning ham huquqiy madaniyatiga bog‘liq, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov. – Mamlakatimizda qabul qilinayotgan har bir qonun, ularga kiritilayotgan yangiliklardan keng ommani o‘z vaqtida xabardor etish, qonunlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga tushuntirib borish jamiyatimiz ravnaqiga xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugungi yig‘ilish ishtirokchilari bu yerda ko‘rilgan masalalar bo‘yicha joylarda, o‘z mehnat jamoalarida, o‘quv yurtlarida, mahallalarda ham shunday tadbirlar o‘tkazishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi, “Sudlar to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi shartnomani (Moskva, 2016-yil 29-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasi o‘rtasida ushlab berish to‘g‘risidagi bitimni (Toshkent, 2016-yil 17-oktabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi, “Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik institutini ta’sis etish to‘g‘risidagi bitimni (Islomobod, 2016-yil 26-oktabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar va ularning ahamiyati haqidagi ma’ruzalar tinglandi.

– O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonuniga asosan Konstitutsiyamizning 80, 81, 83, 93, 107, 110, 112-moddalariga tegishli o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritilmoqda, – deydi xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi deputati B.Karimov. – Ushbu tuzatishlarga muvofiq, Oliy xo‘jalik sudi va Oliy sud fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud ishi yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organiga – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirilmoqda. Bu odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi.

Akramjon Sattorov, O‘zA
2 049






Все о погоде - Pogoda.uz