Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.03.2018 19:05 Chop etish versiyasi

Qonunlar mukammal bo‘lsa...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Ochiq tan olish kerak, aksariyat hollarda biron-bir masalani aniq hal etmaydigan, bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan qonun va qonunosti hujjatlarini qabul qilish amalda ko‘plab muammolar tug‘dirmoqda”, degan so‘zlarini chuqur mushohada qilib, ushbu taklifni kiritishni lozim topdim.

Har bir qonun loyihasi yuzasidan fikr va takliflarni quyidan – fuqarolardan, joylardagi xalq deputatlari Kengashlaridan olish tartibini keng joriy etish zarur.
Shavkat Mirziyoyev

Faxr va iftixor bilan ta’kidlash joizki, mamlakatimizda har bir insonning samarali mehnati e’zozlanadi, qadrlanadi. Davlat mukofotlariga munosib shaxslar O‘zbekiston Respublikasining “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi qonuni va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq taqdirlanishi belgilab qo‘yilgan. Shunday mukofotlardan biri va eng oliy darajadagisi – “O‘zbekiston Qahramoni” unvonidir.

Bu oliy mukofot bilan fuqarolarimiz O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 5-maydagi “O‘zbekiston Qahramoni” unvonini belgilash va oliy nishon — “Oltin yulduz” medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonuni hamda shu qonun bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni to‘g‘risidagi Nizom asosida taqdirlanadi.

Mazkur nizomning 6-moddasi birinchi xatboshisida “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan shaxslar oylik ish haqiga yoki pensiyaga qo‘shimcha ravishda eng kam oylik ish haqi miqdorida oy sayin to‘lanadigan ustama mukofot oladilar”, deb belgilab qo‘yilgan va bu talab hozirgi kunda ham amalda.

Bu ustama miqdorini boshqa ustama belgilangan mukofotlar bilan solishtiradigan bo‘lsak, sezilarli darajada nomutanosibliklar mavjud. Oddiy qilib aytganda, “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni sohibining har oyda ish haqi yoki pensiyasiga qo‘shimcha oladigan ustamasi miqdori eng kam oylik ish haqining 1 barobarini tashkil etgan ayni paytda “O‘zbekiston Xalq artisti”ning har oyda ish haqi yoki pensiyasiga qo‘shimcha oladigan ustamasi miqdori eng kam oylik ish haqining 3 barobarini, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”ning har oyda ish haqi yoki pensiyasiga qo‘shimcha oladigan ustamasi miqdori eng kam oylik ish haqining 1,8 barobarini tashkil etadi.

“O‘zbekiston Qahramoni” unvoni mamlakatimizning oliy darajadagi mukofoti bo‘lganligi sababli O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 5-maydagi “O‘zbekiston Qahramoni” unvonini belgilash va oliy nishon — “Oltin yulduz” medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qonuni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni to‘g‘risidagi Nizomning 6-moddasi birinchi xatboshisiga o‘zgartish kiritish orqali O‘zbekiston Qahramoniga beriladigan ustama miqdori oshirilishi, shuningdek, ushbu unvon sohiblariga ham boshqa unvonlar sohiblari uchun joriy qilingan imtiyozlarni e’tiborga olgan holda qo‘shimcha imtiyozlar berilishi bugungi islohotlarga to‘liq mos bo‘ladi.

Buning uchun O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 5-mayda qabul qilingan 1038-XII-sonli «O‘zbekiston Qahramoni» unvonini belgilash va oliy nishon — «Oltin yulduz» medalini ta’sis etish to‘g‘risida»gi qonuni bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni to‘g‘risidagi Nizomning 6-moddasidagi «eng kam oylik ish haqi miqdorida» degan jumlani «eng kam oylik ish haqining __ (masalan, besh) barobari miqdorida» degan jumla bilan o‘zgartish va boshqa qonun hujjatlarini bunga moslashtirish kifoyadir.

Abdukamol Raxmonov, huquqshunos


4 102