Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.09.2017 15:17 Chop etish versiyasi

Qonuniylikni ta’minlashning muhim sharti

Jamiyatda qonun ustuvorligi ta’minlanishining muhim shartlaridan biri aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishdir. Bu, o‘z navbatida, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari mazmun-mohiyatini aholiga o‘z vaqtida yetkazishni taqozo etadi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 8-fevraldagi «Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori shu maqsadga qaratilgan. Qaror asosida ishlab chiqilgan va yaqinda kuchga kirgan «Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida»gi qonun aholining huquqiy axborotlardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Mazkur qonun mohiyati va uning ijrosi bilan bog‘liq masalalar xususida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazida seminar tashkil etildi. Adliya vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda mutaxassislar, olimlar va davlat organlari xodimlari ishtirok etdi.

Yuristlar malakasini oshirish markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Xudoyor Mamatov va boshqalar qonun hujjatlarini ijrochilarga yetkazish, ularning mazmun-mohiyatini aholi orasida tushuntirish ushbu hujjatlarning so‘zsiz bajarilishida muhim omil bo‘lishini ta’kidladi. Demakki, bu jamiyatda qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlashning muhim sharti hisoblanadi.

– «Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida»gi qonun huquqiy axborot tarqatish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi yigirmadan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatni o‘zida mujassam etib, bu sohadagi huquqiy boshqaruvning tizimli bo‘lishiga huquqiy asos yaratdi, – deydi Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Furqat Tojiyev. – Qonunda zamonaviy xalqaro standartlarni hisobga olgan holda, asosiy huquqiy tushunchalar mustahkamlangan. Unda davlat organlari, ya’ni vazirlik va idoralar, joylardagi davlat hokimiyati organlari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy axborotni tarqatish sohasidagi vakolatlari belgilangan. Bunda huquqiy axborotni tarqatishni tashkil etish, bu boradagi barcha ishlarni muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ deb O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi belgilangan.

Qonun bilan huquqiy axborotni tarqatishning aniq tartibi va usullari belgilab berilgan. Xususan, qabul qilingan qonun hujjatlarini rasmiy va norasmiy tarqatma tarzida tarqatish, ularni Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida va davlat organlarining veb-saytlarida joylashtirish tartibi o‘rnatildi.

Huquqiy axborotdan foydalanish davlat tomonidan kafolatlanadi. Fuqarolarning huquqiy axborotni moneliksiz izlash, olish va uni tarqatish huquqi kafolatlari qonun bilan himoya qilinadi. Davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslar har kimga huquqiy axborotdan foydalanish imkoniyatini belgilangan tartibda ta’minlashi shart.

Anjumanda huquqiy axborotlarni tarqatish borasida «E-xat» tizimidan unumli foydalanilayotgani aytib o‘tildi. Bu tizimga ayni paytda 600 ga yaqin davlat organi ulangan. Tizim orqali davlat organlariga 1,5 mingga yaqin elektron hujjat yuborilgan. Ular, o‘z navbatida, bu hujjatlarni quyi tizimlarga yuborishlari zarur. Ammo o‘rganishlar bu borada muammolar borligi, ayrim davlat organlari o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qarayotganini ko‘rsatdi.

Tadbirda qonun ijrosini samarali ta’minlash, uchrayotgan kamchiliklarni bartaraf etish bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama etildi. Ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar javob qaytardi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
885






Все о погоде - Pogoda.uz