O‘zA O`zbek

14.09.2018 07:20 Chop etish versiyasi

Qoʻrqqan oldin musht koʻtaraversa...

Qoʻrqqan oldin musht koʻtaraversa... Majburiy ijro byurosi Paxtakor tumani boʻlimi inspektori Q.Rajabov kommunal toʻlovlarni tekshirish uchun hududdagi xonadonlardan biriga odatdagi tartibda kiradi.

Kutilmaganda uy egasi Chori Qoʻchqorov (ism-sharifi oʻzgartirilgan) hech bir sababsiz MIB xodimiga tashlanib qoldi. Inspektorni haqoratlagani yetmaganidek, yuziga shapaloq ham tortib yubordi.

MIB inspektoriga xizmat vazifasini bajarishga toʻsqinlik qilish bilan bogʻliq bu noxush holat jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudining ochiq majlisida koʻrib chiqildi. Sud huquqbuzarga nisbatan eng kam ish haqining oʻn baravari miqdorida jarima jazosini qoʻlladi.

Qilmishga yarasha jazo muqarrarligi shubhasiz, lekin hanuzgacha fuqarolarda mana shunday kommunal toʻlovlarni toʻlash borasida madaniyat yetishmayotgani kishini mulohazaga chorlaydi.

Inson ish yuzasidan uyiga kelgan davlat xizmatchisi boʻladimi, mehmon boʻladimi uni hurmat bilan qarshi oladi. Toʻlovlar bilan bogʻliq muammosi boʻlgan fuqaro bu taqlid – “qoʻrqqan oldin musht koʻtarar“ usulidan foydalanishi naf bermasligini tushunib yetdi.

Toshqul Beknazarov, OʻzA
1 664