O‘zA O`zbek

11.08.2018 12:37 Chop etish versiyasi

Qo‘riqlash bo‘limi shaxsiy tarkibiga katta sovg‘a

Qo‘riqlash bo‘limi shaxsiy tarkibiga katta sovg‘a

Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida Toshkent shahar Yakkasaroy tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi qo‘riqlash bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi Qo‘riqlash bosh boshqarmasi va Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi vakillari, shahar va tuman hokimligi mas’ullari, soha xodimlari hamda tuman faollari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda olib borilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida jinoyatchilik, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash va aholi xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida muayyan natijalarga erishilayotgani alohida ta’kidlandi.

Mazkur qo‘riqlash bo‘limining yangi binosi “Kosonsoy qurilishinvest” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan qisqa muddatlarda qurib bitkazildi. Majmuada shaxsiy tarkib uchun barcha sharoit yaratilgan bo‘lib, ma’rifat xonasi, yotoqxona, trenajyor zali, ovqatlanish xonasi zarur anjomlar, mebellar bilan jihozlandi.

– Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi arafasida yangi binoda ish faoliyatimizni boshlash qo‘riqlash bo‘limimizning shaxsiy tarkibiga katta sovg‘a bo‘ldi, – deydi tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi qo‘riqlash bo‘limi boshlig‘i, mayor Rahim Namozov, – Bugungi kunda tumanimizdagi aholi xonadonlari, turli obyektlarni qo‘riqlash uchun 70 dan ortiq xodimlarimiz kecha-yu kunduz xizmatga shay holatda. Davlatimiz tomonidan soha xodimlariga yaratilayotgan ushbu qulayliklarning barchasi aholi xavfsizligini ta’minlash, mulkni ishonchli qo‘riqlashni tashkil etish, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

So‘ngi yillarda qo‘riqlash xizmati faoliyatida katta o‘zgarishlar amalga oshirilib, jamoat xavfsizligini ta’minlashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy qilindi. Bozorlar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, mehmonxonalar, yo‘llar va boshqa jamoat joylariga o‘rnatilgan videokuzatuv uskunalari, zamonaviy signal uzatish kabi turli texnikalar jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, ularni tez fursatlarda bartaraf etishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Tadbirda vazirlik tomonidan qo‘riqlash bo‘limiga “Spark” avtomobili kaliti topshirildi.

A.Musayev, O‘zA
3 297