Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.03.2018 09:21 Chop etish versiyasi

Qo‘mita faoliyati tubdan o‘zgarmoqda

Prezidentimizning joriy yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimiz xotin-qizlarining hayoti va faoliyatini tubdan yaxshilash, turmush farovonligini yanada yuksaltirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Baliqchi tumanida 80 ming nafar xotin-qiz istiqomat qiladi. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yuqoridagi farmonning mazmun-mohiyati, ahamiyatini tushuntirish maqsadida tuman aholisi o‘rtasida keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari, qolaversa, unda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish borasida muayyan ishlar olib borilmoqda.

Mehnat jamoalari, ta’lim muassasalari va mahallalarda o‘tkazilayotgan muloqot va uchrashuvlarda opa-singillarimizni qiynayotgan muammolar aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, tumandagi mavjud 36 mahalla fuqarolar yig‘inida muloqotlar tashkil etildi. Joriy yilning o‘tgan davrida joylarda o‘tkazilgan sayyor qabullarda 42 murojaat qabul qilindi. Murojaatlarni ijobiy hal etish bo‘yicha zarur ishlar olib borildi. Jumladan, shar’iy nikoh bilan yashayotgan 17 oila rasmiy nikohdan o‘tish uchun FHDYo bo‘limiga ariza topshirdi, 2 erta nikohning, 63 ajrimning oldi olindi.

Tumanda yordamga muhtoj bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan opa-singillarimiz, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish, mehnat sharoitlarini yaxshilash, ayollarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandlikka jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 25 nafar og‘ir vaziyatga tushib qolgan xotin-qizga psixologik yordam ko‘rsatildi. Bundan tashqari, 24 nafar jinoyat sodir etgan hamda 50 dan ortiq notinch oilaga “Qaynonalar kengashi” jamoatchilik uyushmasi vakillari, faol ayollar, psixologlar mas’ul etib biriktirildi, ularning muammolari o‘rganilib, hal etish choralari ko‘rildi.

Shuningdek, 2 nafar turar joyga muhtoj fuqaroga to‘lovlarsiz uy-joy berildi, 8 nafar nogiron, uy-joyga muhtoj xotin-qizni yangi uy-joy bilan ta’minlash borasida ishlar olib borilmoqda. 35 nafar og‘ir sharoitda yashayotgan ayollar oilalariga suyultirilgan gaz ballonlari va maishiy texnika vositalari berildi. 400 nafarga yaqin mahalla faollarini qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarning “Salomatlik maktabi”ga biriktirish orqali xotin-qizlar o‘rtasida reproduktiv salomatlikni mustahkamlash borasida amaliy ishlar ko‘lami kengaytirilmoqda.

Hali oldimizda qilinadigan ishlar, yechimini kutib turgan muammolar ko‘p. Muhimi, mamlakatimiz xotin-qizlariga katta kuch va keng imkoniyatlar eshigini ochib bergan Prezidentimizning bu farmoni biz, xotin-qizlar qo‘mitalari yetakchilarini yanada faol bo‘lishga, bugun kechagidan, ertaga bugungidan samaraliroq ishlashga undaydi.

Go‘zalxon Dehqonova,
Baliqchi tumani hokimi o‘rinbosari,
xotin-qizlar qo‘mitasi raisi.

O‘zA
3 820