O‘zA O`zbek

13.02.2018 17:35 Chop etish versiyasi

Qo‘lbola juvozda tayyorlangan moyning sifati talabga javob beradimi?

Qo‘lbola juvozda tayyorlangan moyning sifati talabga javob beradimi? Mamlakatimizda xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish jarayoni doimiy ravishda tegishli nazorat organlari tomonidan o‘rganib boriladi. Chunki, bunday mahsulotlarni ishlab chiqarishda yo‘l qo‘yilgan har qanday xato inson hayoti va sog‘lig‘iga xavf solishi tayin.

Xorazm viloyati Xonqa tumanida yashovchi, 1973-yilda tug‘ilgan V.Boltayev o‘z manfaatini xalq manfaatidan ustun qo‘ydi. O‘z uyida o‘simlik yog‘i ishlab chiqarishga mo‘ljallangan qo‘lbola moyjuvoz uskunasini o‘rnatdi. Noqonuniy yo‘llar bilan bo‘lsa-da, boylik orttirishni ko‘zlagan ushbu shaxs laboratoriya nazoratidan o‘tmagan, iste’mol uchun mutlaqo yaroqsiz bo‘lgan o‘simlik yog‘ini ishlab chiqara boshladi.

Tuman ichki ishlar bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorlikda 2018-yil 5-fevral kuni o‘tkazgan tezkor reyd chog‘ida fuqaro V.Boltayev o‘z uyida “ayni ish ustida” ushlandi.

Reyd yakunida moyjuvoz uskunasi hamda 395 kilogramm paxta chigiti, 47 kilogramm kunjara va 127 kilogramm paxta yog‘i ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirildi.

Bir qonunbuzilishi keyingisiga yo‘l ochib beradi, deganlaridek, tekshiruv jarayonida fuqaro V.Boltayev nafaqat qo‘lbola moyjuvoz o‘rnatib, sifatsiz mahsulot ishlab chiqarayotgani, balki moyjuvozni ishlatish uchun elektr energiyasidan ham noqonuniy foydalanayotgani aniqlandi. Ushbu holat tegishli mutaxassislar tomonidan o‘rganilganda “uddaburon" juvozchi davlatimiz iqtisodiga qariyb 27 million so‘mlik zarar yetkazishga ham ulgurgan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA
7 019