O‘zA O`zbek

19.02.2018 16:16 Chop etish versiyasi

Qishloq xonadonlarida ham issiq suv ta’minotini yaratish mumkinmi?

Qishloq xonadonlarida ham issiq suv ta’minotini yaratish mumkinmi? “Techno future” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxona tomonidan taklif etilayotgan quyosh energiyasidan foydalanib, suvni isitib beruvchi qurilmadan istalgan sharoitda foydalanish mumkin.

Qishloqlarda yuvinish uchun ishlatiladigan yoki bo‘lmasa idish-tovoq, kir yuvish uchun foydalaniladigan issiq suv o‘tin yordamida o‘choqda yoki suyultirilgan gaz balloni yordamida ishlaydigan plitalarda isitiladi. Bu esa, o‘z navbatida, ko‘p xarajat va mehnat talab qiladi. Agar shu sharoitda yashayotgan xonadonga quyosh energiyasi yordamida suvni isitib beradigan qurilma o‘rnatilsa, muammo hal. Eng muhimi, kunning istalgan vaqtida issiq suvga bo‘lgan ehtiyojni qondirish mumkin. 

2 (2).jpg 

Qashqadaryo viloyati hokimligi, “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi, “Techno future” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxona hamkorligida tashkil etilgan tadbirda shular haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda elektr va gaz ta’minoti tizimini izchil modernizatsiya qilish, texnologik qayta jihozlash, energiya tejamkorlik asoslari hamda yetkazib berilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun o‘zaro hisob-kitoblar mexanizmini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 8- noyabrdagi “Energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir. 

4 (1).jpg

– Ishlab chiqarayotgan mahsulotimiz uch bosqichda targ‘ib etilmoqda, – deydi “Techno future” MChJ shaklidagi qo‘shma korxona yetakchi mutaxassisi Alisher Yo‘ldoshev. – Dastlabki bosqichda mahsulotni bevosita sotuvchi tashkilotlar bilan hamkorlik kildik. Ularga mahsulotdan foydalanganda iste’molchi qanday manfaat ko‘radi, mahsulotning jahon standartlariga javob berishi va o‘rnatib berilganda 3 yillik kafolat muddatlari haqida ma’lumot berildi. Keyingi bosqichda quyosh energiyasi orqali suv isitadigan qurilmani o‘rnatuvchi texnik xodimlar bilan uchrashdik. Boisi, bu turdagi qurilmalarni o‘rnatish o‘ziga xos malaka va ko‘nikmani, konstruktorlik yechimlarni talab etadi. Sodda qilib aytganda, istiqbolda texnik xodimlarni bepul o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi va shundan keyingina ular o‘z hududida bemalol xizmat ko‘rsata oladi. Suhbat davomida texnik xodimlar qurilmani o‘rnatish usullari bilan tanishdi. So‘nggi bosqichda ushbu qurilmani xonadoniga yoki tashkilotiga o‘rnatadigan iste’molchilar bilan fikrlashdik, ularga ushbu qurilma imkoniyatlari, samarasi, muhimi, uning tejamkorligi haqida batafsil ma’lumot berildi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA
6 097