Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.04.2017 14:33 Chop etish versiyasi

Qishloq vrachlik punkti tunu kun ishlaydi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 5-yanvar va 7-fevral kunlari tibbiyot sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan qishloq vrachlik punktlari faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab berildi.

Ushbu vazifalar ijrosi bo‘yicha Samarqand viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Soha vakillari va tegishli idoralar mutaxassislaridan iborat ishchi guruhlar tashkil etilib, viloyatdagi mavjud 357 qishloq vrachlik punkti faoliyati o‘rganildi, to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazildi.

– O‘rganish davomida qishloq vrachlik punktlarining hududiy joylashuvi, binoning holati, moddiy-texnik bazasi va tibbiy jihozlar bilan ta’minlangani, xodimlar malakasi, aholining murojaatlari, ko‘rsatilayotgan xizmat sifati va samaradorligiga e’tibor qaratildi, – deydi Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i A.Jo‘rayev. – Shu bilan birga, mazkur muassasalar tomonidan patronaj tizimida amalga oshirilayotgan ishlarni monitoring qilish maqsadida xonadonlar o‘rganildi va bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar aniqlandi. Aholi qishloq vrachlik punktlari faoliyatidan ko‘ngli to‘lmasligi, dori-darmon ta’minoti va xizmatdan noroziligi, tibbiy xodimlarning tashrifi tartibga solinmaganini bildirdi. Prezidentimizning QVPlarni maqbullashtirish haqidagi topshiriqlaridan kelib chiqib, viloyatdagi qishloq vrachlik punktlari negizida 43 oilaviy poliklinika tashkil etishga qaror qilindi. Ushbu hududiy poliklinikalarda aholiga nafaqat ambulator, balki kunduzgi statsionar xizmat, ginekolog, stomatolog, pediatr, klinik laboratoriya, ultratovush tekshiruv, EKG tekshiruvi va “103” xizmati ko‘rsatiladi. Tuman markaziga yaqin joylashgan va moddiy-texnik bazasi, sanitar ahvoli talabga javob bermaydigan 22 qishloq vrachlik punkti faoliyati tugatiladi.

Qishloq vrachlik punktlarining tunu kun ishlashini ta’minlash va ularga vrachlarni jalb etish maqsadida 101 muassasa binosidan shifokorlar uchun uy-joy va patronaj-emlash punkti sifatida foydalaniladi. Nurobod, Urgut va Qo‘shrabot tumanlarida 3 tadan, Payariq tumanida 1 qishloq vrachlik punkti yaqinida vrachlar uchun yangi uy-joy quriladi.

Hozir tumanlarda namunaviy qishloq oilaviy poliklinikalari tashkil qilinib, aholiga terapevt, pediatr, ginekolog, jarroh va boshqa mutaxassislar tomonidan tibbiy xizmat ko‘rsatish, ultratovush tekshiruvi yo‘lga qo‘yildi. Hudud aholisi tibbiy ko‘riklarga jalb qilinmoqda. Ayni paytda mazkur poliklinikalarga kuniga 250-300 ga yaqin fuqaro murojaat qilayapti. Patronaj hamshiralari kunning birinchi yarmida muassasada ishlab, so‘ngra o‘zlari biriktirilgan hududda aholiga patronaj xizmati ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunda xalqimizga yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida yurtimizdagi ixtisoslashtirilgan markazlarning malakali mutaxassislari tuman tibbiyot birlashmalari, shifoxonalar bilan birga joylardagi qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarda aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda, bemorlarni davolash va jarrohlik amaliyotida ishtirok etayotir. Yil boshidan buyon Bulung‘ur, Pastdarg‘om, Samarqand, Urgut, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Narpay, Paxtachi tumanlari aholisiga ana shunday malakali tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Joriy yilda davolash va profilaktika muassasalari moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash bo‘yicha investitsiya dasturi asosida viloyatdagi 14 qishloq vrachlik punkti ta’mirlanadi.

Bularning barchasi xalqimizga zamon talablariga mos, yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, aholi salomatligini mustahkamlash va tibbiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
2 997






Все о погоде - Pogoda.uz