O‘zA O`zbek

03.07.2018 10:46 Chop etish versiyasi

Qirq tog‘ora o‘rniga qirq kitob

№ 33 .Себзор.jpg

Rustam YOQUBOV,

“Sebzor” MFY raisi:

– Bugungi kunda mamlakatimizda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalarni ortiqcha dabdabalarsiz, ixcham o‘tkazish, aholi uchun munosib shart-sharoitlarni yaratish, hududlarni obodonlashtirish borasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, to‘ylarning kamxarj o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlaymiz. Chunki mahallada yashovchi oilalarning turmush sharoiti har xil. Kimdir peshona teri bilan, kimdir esa tadbirkorlik bilan orttirgan mablag‘i evaziga to‘y qiladi. Biz tushuntirish ishlari olib borish orqali mahalladoshlarimizning bir yo‘sinda to‘y o‘tkazishiga erishishimiz lozim. Buning uchun ortiqcha sarf xarajatlarsiz, 80-100 kishilik namunaviy to‘ylar tashkil etish yuzasidan jamoatchilik o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini yo‘lga qo‘yganmiz.

To‘y oshna-og‘ayni yoki mahallaga o‘zini ko‘rsatish uchun emas, balki ikki yoshning baxtini o‘ylab o‘tkazilishi kerak. Katta miqdordagi qarz evaziga to‘y qilib, keyin qotgan non yeb o‘tirishdan kimga naf? To‘ydan tejaladigan ortiqcha mablag‘ni yosh oilaning ehtiyoji, mamlakatimizning tarixiy obidalariga ziyorat qilishlariga sarflash mumkin. Bu yoshlarning tarixni chuqur anglab yetishi va bashariyatga o‘rnak bo‘lib kelgan ajdodlarimiz hayoti bilan yaqindan tanishishiga imkon beradi. O‘ylaymanki, ularga 40 tog‘ora o‘rniga 40 kitob sovg‘a qilinsa, bu oila mustahkamligi uchun xizmat qiladi.

Ilgari to‘ylar mahallada bo‘lar edi. U o‘zining dabdabasi bilan emas, turli aytishuvlar, rivoyatlar, odamlarni odob-axloqqa chaqiradigan sahnaviy chiqishlari bilan esda qolardi. Bugungi to‘ylarda esa o‘yin-kulgi va dabdabaga e’tibor qaratiladi.

O‘zA
3 820