Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.03.2018 12:07 Chop etish versiyasi

Qimorbozga ham jazo muqarrar

Dunyoda odamzotning ko‘ngli shishadan ham nozikdirki, ehtiyot qilmasangiz, sahal bahonayu sababdan darz ketadi. Biroq jamiyatda shunday kishilar ham borki, o‘z ko‘nglini chog‘ etish ilinjida jinoyat ko‘chasiga kiradi.

Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Angor tumanidagi Ulug‘bek mahallasida yashovchi B.S. bilan ham xuddi shunday holat yuz berdi.

Yaqinda uning ko‘ngli chiroq yoqsa, yorishmaydigan holga kelib qoldi. Quloq tutib ko‘rsa, bu “qurg‘ur” qimor o‘yinidan sarmast bo‘lishni istayotgan ekan. Nachora, uyida maxsus joy hozirlab, o‘yinni qizdirish uchun zarur sharoit yaratdi. Tanishlari F.S., Q.O‘., P.M., B.M. va X.T.larni taklif etib, qimor bilan ularning ham, o‘zining ham ko‘nglini shod eta boshladi. Qimorbozlar tun yarmidan oshib, o‘yin qiziganida ichki ishlar idorasi xodimlari qo‘liga tushib qoldi. Xolislar ishtirokida ulardan ikki quti qarta, 817 ming so‘m pul ashyoviy dalil sifatida olindi.

Shunday qilib, 49 yoshida o‘z ko‘nglini ovlamoqchi bo‘lgan B.S.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
3 771