Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.10.2017 11:21 Chop etish versiyasi

Qimmatga tushgan “foydali ish”

Giyohvandlikka ruju qo‘yish yoki uning savdosi bilan shug‘ullanish oxir-oqibat halokatga eltadi. Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanida yashovchi Jasurbek Jumaboyev ham nafs qutqusiga uchrab, gulday umrini xazon qildi.

Hech qayerda ishlamay yurgan kezlari, ya’ni 2015-yilda Jasurbek qaytarish sharti bilan 500 dollar qarz so‘rab qirg‘izistonlik tanishi G‘.Tayirjonovga murojaat qiladi. Tanishi buncha puli yo‘qligi, ammo xohlasa, “foydali ish” borligini aytadi.

Abdurahmon Abdurahmonov "Tiko” rusumli avtomashinasida haydovchilik qilardi. J.Jumaboyev doimiy yo‘lovchisiga aylandiyu, uning bosar-tusari o‘zgardi. Qozonga yaqin yursang, qorasi yuqadi, deganlaridek Abdurahmon ham Jasurbekka sherik bo‘ldi. Avgust oyida Jasurbek Qirg‘iziston Respublikasidan miqdori noma’lum bo‘lgan pul jo‘natilayotgani, uni tegishli joyga yetkazib berish zarurligini aytadi. “Omonat” yetib kelgach, uni Qo‘qon shahriga yetkazib berish uchun 200 ming so‘m haq oladi. Jasurbek qutini 500 dollar evaziga egalariga topshiradi.

2015 yil dekabr oyi boshlarida bu holat yana takrorlanadi. Ammo bu safar qog‘oz qutidagi “pullar” yetkazib beruvchiga biroz shubhali tuyuladi. Ochib qarasa, qutida pul o‘rniga giyohvand modda qo‘yilgani A.Abdurahmonovni biroz tashvishga soladi. J.Jumaboyev bilan tortishib qoladi. Yuzaga kelgan kelishmovchilikni bartaraf etish uchun so‘mlar valyutaga aylanadi. 200 dollar xizmat haqi tayinlangach, haydovchi noqonuniy harakatlarga ko‘z yumadi. Yana eski manzilga yo‘l oladi.

O‘tgan yili fevral oyida J.Jumaboyev Rossiya Federatsiyasiga ishlash uchun jo‘nab ketadi. Lekin hech qancha vaqt o‘tmay, qaytib keladi. Qirg‘izistondan 1 kilogramm gashish giyohvandlik vositasini chegaradan o‘zi olib o‘tib, haydovchi ko‘magida xaridorlarga topshiradi.

Daromad cho‘g‘idan zavqlangan A.Abdurahmonov endi “operatsiya”larda ishtirok etuvchi emas, bevosita yetkazib beruvchiga aylanadi. Farg‘ona shahridagi notanish ayolga 4 ming dollar evaziga giyohvandlik moddasi yetkazib berish va’da qilinadi. 2017 yil 19 yanvar kuni Qirg‘iziston chegarasidan uzatilgan 2 dona sellofandagi 889 gramm “gashish” giyohvandlik vositasini I.Rahimovdan 200 ming so‘m evaziga qabul qilib oladi.

– Yukni oldim. Pullarni J.Jumaboyevga berishingiz mumkin, – deydi u kutib turgan xaridor ayolga qo‘ng‘iroq qilib.

Ammo yuk manziliga yetmay, Farg‘ona tumanining Sattorobod qishlog‘i hududida joylashgan blok postida huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi.

Surishtiruv davomida jinoiy guruhning ko‘p miqdorda giyohvandlik vositasini Qirg‘iziston Respublikasi hududidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga kontrabanda qilish yo‘li bilan olib o‘tgani huquq-tartibot xodimlari tomonidan fosh etildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tumani sudi J.Jumaboyevga 11 yil, A.Abdurahmonovga 10 yilu 6 oy, I.Rahimovga 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Ko‘za kunda emas, kunida sinadi, deganlaridek, bu jinoiy guruh qilmishlari ham vaqti kelib fosh bo‘ldi. Jinoyatchilar jinoyatiga yarasha jazo oldi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
2 040






Все о погоде - Pogoda.uz