Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.04.2018 14:20 Chop etish versiyasi

Qashqadaryoda 5 ming 100 gektar yerga qalampir ekiladi

Qashqadaryo viloyatida joriy yilda 5 ming 100 gektar maydonda eksportbop qalampir yetishtirish mo‘ljallanmoqda. Bunday yirik loyihani amalga oshirishda eksportchi korxonalar faoliyati ham muhim ahamiyat kasb etadi.

“BIGAGRO” mas’uliyati cheklangan jamiyati viloyatning Mirishkor va Qarshi tumanlaridagi 2 ming 100 gektar yerga achchiq qalampir ko‘chatlari ekmoqda.

– “Kayan” navli achchiq qalampir urug‘lari Hindistondan keltirilgan, – deydi “BIGAGRO” MChJ ish yurituvchisi Bobur Abdumavlonov. – Bu nav hosildorligi va tabiiy iqlimga moslashuvchanligi bilan ajralib turadi. Qalampir yetishtirish agrotexnikasini sifatli amalga oshirish uchun Hindiston va Indoneziya davlatlaridan tajribali mutaxassislar jalb etildi. Ular qalampir ekiladigan maydonlardagi suv va tuproq tarkibini o‘rganib, o‘z tavsiyalarini berdi. Ayni paytda 90x15 sxemada gektariga 70 ming qalampir ko‘chatini ochiq dalaga o‘tqazish ishlari boshlab yuborildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bizning hududda mazkur qalampir gektaridan 20-25 tonnagacha hosil berishi mumkin ekan.

Loyihaga ko‘ra, qalampir yetishtiriladigan maydonlar innovatsion texnologiya asosida yomg‘irlatib sug‘oriladi. Bundan tashqari, tuproq tarkibida 60 foizgacha namlikni uzoq vaqt saqlab turadigan maxsus kimyoviy vositalar sepiladi. Bu esa suv sarfini uch barobar tejash imkonini beradi. Masalan, achchiq qalampir o‘sish jarayonida 12-14 martagacha suv ichadi. Yuqoridagi usulda esa 4-5 marta sug‘orish kifoya.

Yig‘ishtirib olingan hosil quritilgan holda eksport qilinadi. O‘rtacha 20 tonna achchiq qalampirdan 5 tonna quritilgan qalampir olinadi. Quritilgan qalampir 3 xil: butunligicha, bo‘laklarga bo‘lingan hamda kukun holatda qadoqlanib, eksportga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, “BIGAGRO” MChJ vakillari viloyatdagi 4 mingdan ziyod fermer xo‘jaligi bilan agroklaster usulida ham hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Ya’ni, jamiyat fermer xo‘jaliklariga achchiq qalampir ko‘chatlari va uni yetishtirish uchun zarur bo‘ladigan kimyoviy vositalarni imtiyozli narxlarda sotadi. Agrotexnik tadbirlarni sifatli olib borish uchun konsultativ maslahat va zarur tavsiyalar beradi. Yetishtirilgan hosilni ham kelishilgan narxda sotib oladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, shu yo‘nalishda 3 ming gektar maydonda achchiq qalampir yetishtiriladi. Eng muhimi, yaqin hududdagi mahallalarda yashovchi minglab aholi mavsumiy ish bilan ta’minlanadi.

O‘lmas Barotov, O‘zA
3 937