Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.04.2018 10:42 Chop etish versiyasi

Qashqadaryoda 2 oyda 403 ta ajrim, ko‘p emasmi?

Qashqadaryoda 2 oyda 403 ta ajrim, ko‘p emasmi? Joriy yilning dastlabki ikki oyida viloyatda oilaviy ajrimlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 taga ko‘payib, 403 tani tashkil qildi.

Oilaviy ajrimlar sonidagi o‘sish bo‘yicha “etakchi”lik Mirishkor tumanida. Shu davr mobaynida hududda 19 ta oila buzilgan, mos davrga nisbatan bu boradagi o‘sish 17 ta.

Chiroqchi tumanida yanvar-fevral oylarida 40 ta oilaviy ajrim qayd etilgan, o‘sishdagi ko‘rsatkich esa 11 tani tashkil etmoqda.

Shuningdek, Kitob tumanida 58 ta (o‘sish 9 ta), Nishon tumanida 16 ta (o‘sish 7 ta), G‘uzor tumanida 16 ta (o‘sish 7 ta) oilaviy ajrimlar hisobga olingan.

Olib borilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ajrimlarning 145 tasiga er-xotin, qaynona va kelin o‘rtasidagi kelishmovchiliklar 89 ta holatda esa er boshqa ayolga uylangani yoki uzoq muddat xorijga chiqib ketgani sabab bo‘lgan. Befarzandlik 76 holatda oilaviy munosabatlar nihoyalanishiga olib kelgan. 17 kishi esa ichkilikka ruju qo‘ygani bois muqaddas oila qo‘rg‘onini saqlab qololmagan bo‘lsa, qolgan ajrimlarga ham shu kabi maishiy muammolar sabab bo‘lgan.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlab viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda aytib o‘tilgan.

Ayni paytda viloyatda oilaviy ajrim va nizolarning oldini olish, ular sabablarini o‘rganish, oilalarni yarashtirish bo‘yicha viloyat ishchi guruhi va uning joylarda yarashtiruv muhokamalarini o‘tkazish jadvali asosida ishlar olib borilmoqda.

Farhod Esonov, O‘zA
4 116